Jahon | 21:09 / 10.02.2023
18113
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya «migratsiya yig‘imi»ni joriy qilishi mumkin 

Rossiya hukumati migrantlarning mamlakatda bo‘lish yoki ishlash shartlarini kuchaytirish choralarini ko‘rmoqda. 

Foto: RIA Novosti

Migrantlarning Rossiyada bo‘lish shartlari kuchaytirilishi mumkin. Bu haqda «Baza» telegram-kanali o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Hozir migrantlar Rossiya hududida 6 oy davomida 90 kun bo‘lish huquqiga ega. Endi bu muddat 1 yilgacha ko‘payishi mumkin. 

Ayni damda Rossiya Ichki ishlar vazirligi «Rossiya Federatsiyasidagi xorijiy fuqarolarning huquqiy maqomi to‘g‘risida»gi federal qonunga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ustida ishlamoqda. Biroq, muddatni qisqartirish - yagona yangilik emas. 

Masalan, Rossiyada vizasiz mamlakatlardan kelgan migrantlar uchun «migratsiya to‘lovi»ni belgilash ham rejalashtirilyapti. Uning miqdori hali aniqlanmagan. O‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar boshqa idoralarga kelishish uchun yuborilgan. 

Rossiya hukumati o‘tgan yildan boshlab migrantlarning mamlakatda bo‘lish yoki ishlash shartlarini kuchaytirish choralarini ko‘rmoqda. 2022 yil yanvarida Rossiya TIV immigratsiya qonunchiligini kuchaytirishni, jamoat tartibini buzgan xorijliklarni mamlakatdan deportatsiya qilishni taklif etdi. Bu taklif migrantlar ishtirokidagi mojarolarning ko‘payishi bilan bog‘liq edi. 

2022 yil fevral oyida Rossiyaning ayrim hududlarida migrantlar uchun savdo, umumiy ovqatlanish, jamoat transporti, jumladan, taksida ishlashga ruxsat bermaydigan yangi taqiqlar joriy etildi. 

Sentyabr oyida Rossiyada migrantlar uchun patent narxi 2023 yil 1 yanvardan oshishi haqida xabar berildi. 

Shu bilan birga, Davlat Dumasi yangi qonun qabul qildi, unga ko‘ra Rossiya fuqaroligini armiyada bir yil xizmat qilgandan keyin olish mumkin bo‘ldi. Bu Rossiya bilan Ukraina urushida harbiy xizmatchilarning yetishmasligi bilan izohlandi.

Mavzuga oid