Bir necha kun avval Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari jahon va O‘zbekistonda o‘g‘it iste’moli darajasi bo‘yicha tahlil xulosalarini e’lon qildi. Bu tadqiqotda ham O‘zbekiston umumjahon miqyosida ko‘p o‘g‘it ishlatayotgani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topgan.

Hisobotda aytilishicha, hozir O‘zbekistonda gektariga o‘g‘it sarfi deyarli 255 kilogrammni tashkil etadi, bu esa umumjahon o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan 74 foiz yuqori, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan 2,9 barobar ko‘p.

E’lon qilingan tahlil va xulosalar jamoatchilik, xususan, tarmoq foydalanuvchilari orasida muhokama va ayni paytda xavotirlarga sabab bo‘larkan, Kun.uz muxbiri bu mavzuni soha mutaxassislari ishtirokida muhokama qildi.

Suhbatdoshlarimiz – qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent Murod Karimov, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent Gulmira Mirhaydarova, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Rizqivoy Gulmurodov va “O‘zkimyosanoat” AJ bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Abdullayev bo‘ldi.

Murod aka, institut xulosasini o‘qidingizmi? Unda aytilgan xulosalarga qo‘shilasizmi? Ha bo‘lsa, nega bizda bunchalik ko‘p o‘g‘it ishlatilmoqda-yu, yo‘q bo‘lsa, sizda bu tahlillarni inkor qiladigan qanday ma’lumotlar bor? Ko‘p o‘g‘it ishlatish nimasi bilan xavfli?

Murod Karimov:

— Hisobotni o‘qidim. Unda gektariga 256 kg deb aytilgan. Bu dunyo ko‘rsatkichidan bir necha barobar ko‘p degani. 1960 yillar tajribasiga ko‘ra, ekinlarga o‘g‘itning ko‘p berilishi hosildorlik tushib ketishiga ham sabab bo‘ladi. Qancha o‘g‘it solsang, shuncha hosildorlik yuqori bo‘ladi, degan tushuncha noto‘g‘ri.

Fermerlar ko‘p o‘g‘it ishlatyapti, deyish ham noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki o‘g‘it qimmat o‘zi. Bu yerda o‘g‘itlarni ishlatish madaniyati pastligi masalasi bor: qachon berilishi, qanday berilishi, qayerga berilishi kabilarni bilmaslik. Ekin ekilgandan to yetilguncha o‘z me’yorida o‘g‘it solib borish kerak. Masalan, o‘g‘itlarni qo‘llashdagi eng yuqori davr ekinlarning gullash davri bo‘ladi. Demoqchimanki, dehqonning o‘g‘it qo‘llash malakasi sustroq bo‘lishi mumkin.