Jahon | 17:13 / 16.02.2023
14687
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Turkiyaga «Rosatom» uchun uskunalar yuborishga qarshi chiqdi

«Rosatom» Turkiya janubida «Oqquy» atom elektr stansiyasini qurmoqda. Nemis regulyatori Siemens’ga elektr jihozlari Rossiya qo‘liga tushishidan tashvishlanib, ularni eksport qilishga hozircha ruxsat bermadi, deb yozadi «Kommersant».

Germaniya hukumati Siemens Energy kompaniyasiga Turkiyadagi «Rosatom» tomonidan qurilayotgan «Oqquy» atom elektr stansiyasi uchun elektr jihozlarini yetkazib berishga ruxsatnoma taqdim etmadi, deb xabar berdi «Kommersant» gazetasi 16 fevral, payshanba kuni manbalarga tayanib. 

Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Iqtisodiyot va eksport nazorati bo‘yicha federal idorasi Siemens’ga, garchi u ma’lum bir obekt uchun ishlab chiqarilgan bo‘lsa ham, uskuna Rossiya qo‘liga tushishidan tashvishlanib, to‘liq kommutatorni yetkazib berish, shu jumladan hujjatlar eksporti uchun barcha zarur ruxsatnomalarni bermagan.

Hozirda Turkiya hukumati Germaniya bilan qurilayotgan atom elektr stansiyasiga uskunalar yetkazib berishga qanday sharoitlarda ruxsat berilishini aniqlash yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. «Rosatom»ning loyiha kompaniyasi - «Oqquy Nuklear» «Kommersant»ga uskunalar yetkazib berishni to‘xtatish haqida hech qanday rasmiy xabar olmaganini ma’lum qildi va Siemens Energy o‘z shartnoma majburiyatlarini bajarayotganini qo‘shimcha qildi. Germaniya hukumati hamda Siemens Energy bu haqda izoh bermadi.

Avvalroq Vengriya Germaniya «Rosatom» tomonidan qurilayotgan «Paksh-2» atom elektr stansiyasi uchun Siemens uskunalarini yetkazib berishni bloklab qo‘yganini ma’lum qilgandi. Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto 14 fevral kuni Germaniyaning harakatlarini «suverenitetga hujum» sifatida baholashini aytdi. 

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlanganidan so‘ng, G‘arb davlatlari allaqachon Rossiya Federatsiyasiga qarshi to‘qqizta sanksiyalar paketini joriy qildi, ammo jazo cheklovlari Rossiya yadro sanoatiga hali ta’sir qilmayapti. 

Fevral oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yana Yevropa Ittifoqini Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lgan Zaporijjya atom elektr stansiyasini egallab olgani uchun mas’ul bo‘lgan «Rosatom»ga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, «Rosatom»ga nisbatan cheklovlar hozirda YeIda muhokama qilinayotgan sanksiyalarning o‘ninchi paketiga kiritilmagan. Vengriya va Bolgariya bunday sanksiyalarga qarshi. 

Mavzuga oid