18:48 / 16.02.2023
56907

Namangan va Farg‘ona hokimlari san’atkorning yubileyiga budjetdan 239 mln ajratdi

Sozanda Abduhoshim Ismoilovning 70 yoshli yubileyini nishonlash uchun shu yil yanvar-fevral oylarida Farg‘onada 89 mln so‘m, Namanganda 150 mln so‘m ajratildi. Musiqachi 70 yoshini o‘tgan yilning 9 iyunida qarshi olgan va bu o‘sha paytda ham budjet pulidan nishonlangan.

Namangan viloyati hokimi 2023 yil 15 fevral kungi qarori bilan O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilovning 70 yillik yubileyini o‘tkazish uchun viloyat budjeti zaxira mablag‘lari hisobidan 150 mln so‘m ajratdi. Shavkat Abdurazzoqovning bu haqdagi farmoyishiga bloger Zafarbek Solijonov e’tibor qaratdi.

Hujjatga ko‘ra, viloyat Madaniyat boshqarmasining xati inobatga olinib, san’atkorning 70 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturi munosabati bilan Namangan shahridagi “Navbahor” tantanalar majmuasida bayram dasturxoni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarga viloyat budjeti zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 150 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.

E’tiborlisi, sozanda va bastakor, 1990 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan Abduhoshim Ismoilov 1952 yil 9 iyunda Farg‘ona viloyatining Quva tumanida tavallud topgan.

Iyun oyida san’atkor 71 yoshni qarshi oladi. 70 yoshga kirganiga qariyb 1 yil bo‘layotgan san’atkorning “70 yillik yubileyi”ga mahalliy budjetdan mablag‘ ajratish Namangan viloyati hokimiga nega kerak bo‘lib qoldi?

Qolaversa, Shavkat Abdurazzoqovning bu “saxiyligi” – Ismoilovning tug‘ilgan kunini nishonlash bo‘yicha xalqning cho‘ntagidan pul ajratish bilan bog‘liq uchinchi holat.

Abduhoshim Ismoilovning 70 yilligi birinchi bor 2022 yilning iyun oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 29 apreldagi tegishli qarori bilan atoqli olimlar, madaniyat va san’at sohasi vakillarining yubiley sanalarini keng nishonlash hamda ular faoliyatini keng targ‘ib qilish dasturi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 2022 yil iyun oyida Abduhoshim Ismoilovning 70 yilligi nishonlangan hamda tadbir Madaniyat vazirligining har yilgi madaniy tadbirlar uchun ajratilgan budjet mablag‘laridan moliyalashtirilgan.

2023 yilning 17 yanvar kuni esa Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning farmoyishi asosida sozandaning 70 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan konsert dasturi xarajatlari uchun viloyat mahalliy budjetining zaxira jamg‘armasi hisobidan 89 mln so‘m ajratilgan.

Bozorovning bu farmoyishida prezidentning 2020 yil 26 maydagi farmoni niqob qilib olingan. Go‘yoki prezident farmoni ijrosini ta’minlash uchun xalq artistining yubileyiga 89 mln so‘m ajratilgan.

Ammo prezidentning bu farmoni o‘z nomi bilan madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada oshirishga qaratilgan, xalqning puliga artistlarning yubileyini o‘tkazib berishga emas.

Avvallari san’atkorlarning yubileylarini hokimlar xalqning pulidan o‘tkazib bermagan. Bu kabi holat endi kuzatilmoqda.

Yubileyi takror-takror bepul o‘tkazib berilayotgan san’atkorning to‘ylarga chiqish narxi bilan ham qiziqib ko‘rdik. Ma’lum bo‘lishicha, Abduhoshim Ismoilov 15 daqiqalik “birrov” dasturi uchun poytaxtdagi to‘ylarda 600 dollar, Farg‘ona viloyatida esa 2 600 dollar oladi.

Hokimlarning budjet mablag‘larini bu kabi “sochib tashlayotgani” aholining g‘azab va e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki bitta yubiley uchun 150 mln so‘m ajratilib turgan bir paytda viloyatning istalgan hududidan isitilmaydigan maktab, bog‘cha, suvi bormagan ko‘cha, devorlari to‘kilib tushgan shifoxonalarni topish mumkin.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri

Top