20:45 / 17.02.2023
16414

Buxoroda yangi korxonalar ishga tushirilib, sanoatda galdagi vazifalar belgilandi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida sanoatni rivojlantirish va energiya ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilish avvalida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Ular - G‘ijduvon tumanidagi «G‘ijduvon ipak tola», Buxoro shahridagi «Layxter Kamalak Tekstaylen», Jondor tumanidagi «Arjumandbonu chorvasi», G‘ijduvon tumanidagi «Usmon Sher Shamshod», Romitan tumanidagi «VBM Romiteks» korxonalari va Buxoro shahridagi to‘rt yulduzli mehmonxonadir.

Ipakchilik, to‘qimachilik, parrandachilik, meva-sabzavotni qayta ishlash va turizm tarmoqlariga ixtisoslashgan bu majmualarda 3 ming 500 ta yangi ish o‘rni ochilmoqda. Umuman, bularning natijasida viloyat ishlab chiqarishiga 850 milliard so‘m qo‘shiladi.

Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni rasman ishga tushirdi. Videoaloqa orqali ularning rahbarlari bilan muloqot qildi.

Yig‘ilishda Buxoroda energiya ta’minotini yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yilda Buxoroda yillik elektr iste’moli 4,3 milliard kilovatt soatni tashkil etib, taqchillik 150 million kilovatt soat bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois qo‘shimcha quvvatlarni yaratish va samaradorlikni oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Buxoroning iqlimi issiq. Bundan foydalanib, 740 ta korxonada 22 Megavattli, ijtimoiy obektlar va ko‘p qavatli uylar ustida 11 Megavattli quyosh panellari o‘rnatish mumkinligi aytildi.

Elektr tarmoqlarini yangilash orqali 50 million kilovatt soat elektr yo‘qotishlarini kamaytirish, 45 ta yirik sanoat korxonasida energiya sarfi yuqori bo‘lgan uskunalarni almashtirish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, «Amu-Buxoro» nasos stansiyasida chastotali boshqarish vositalarini yangilash hisobiga bu yil 60 million, kelgusi yil 100 million kilovatt soat energiyani iqtisod qilish mumkin.

Yig‘ilishda tumanlardagi yangi zaxiralarni ishga solib, sanoatni rivojlantirish kerakligi qayd etildi.

So‘nggi besh yilda Buxoroda 31 trillion so‘m investitsiya jalb qilinib, 3 mingdan ziyod korxona ishga tushgan. Ishlab chiqarish 4,3 baravarga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 27 trillion so‘m bo‘lgan. Sanoat eksporti 200 million dollarga yetgan.

Joriy yilda Buxoroda 880 million dollarlik 703 ta korxonani ishga tushirib, 15 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bu loyihalarga 220 million dollar kredit va infratuzilmasiga 100 milliard so‘m ajratilmoqda.

Prezident har bir tuman hokimiga qo‘shimcha zaxira topib, yana kamida 50 million dollar investitsiya olib kelib, yangi loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Top