O‘zbekiston | 12:50 / 20.02.2023
14211
2 daqiqa o‘qiladi

Metro bekatlariga savdo shoxobchalari qaytmoqda

Toshkentda, “Novza” metro bekatining piyodalar o‘tish yo‘lagida tajriba-sinov tariqasida savdo shoxobchalari tashkil etilyapti. Karantin sabab faoliyati to‘xtatilgan bu do‘konlarning qay tartibda tadbirkorlarga ijaraga berilishi hozircha aniq emas.

Foto: KUN.UZ

“Toshkent metropoliteni” DUK matbuot kotibi To‘ychi Mirzayevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ilgari ham metro bekatlarida savdo shoxobchalari bo‘lgan. Misol uchun, “Alisher Navoiy” bekatidan “Paxtakor”ga o‘taverishda kanselyariya mollari va shirinliklar savdosi tashkil qilingan edi.

“Pandemiya, karantin sababli ularning faoliyati to‘xtatildi. Endilikda metropoliten faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida xizmat ko‘rsatish, savdo va reklama faoliyati tizimini tiklash jarayoni ketmoqda. Bu jarayonda xavfsizlik, shaharsozlik faoliyatini texnik jihatdan tartibga soluvchi normativ hujjatlar talablari inobatga olinadi”, – dedi metropolitenning rasmiy vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozircha bu shoxobchalar tadbirkorlarga qanday tartibda ijaraga berilishi va yana qaysi bekatlarga do‘konlar qurilishi aniq emas.

To‘ychi Mirzayevga ko‘ra, savdo shoxobchalari ijarasidan tushgan mablag‘lar metropolitenni rivojlantirish maqsadlariga sarflanadi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021 yil 16 oktyabrdagi “Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2022 yil 8 iyuldagi “Toshkent shahar jamoat transporti samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarida metropoliten faoliyati samaradorligini oshirish choralari belgilangan edi.

Mavzuga oid