Poytaxtga mingta yangi avtobuslar olib kelindi

2023 yilda O‘zbekistonning transport sohasiga taalluqli dastlabki yangiliklar jamoat transporti bilan bog‘lanadi. O‘tgan qish mavsumining anomal sovug‘i sabab shahar ko‘chalarida yengil avtomobillar harakatlana olmagandi, natijada aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyoji keskin oshib, avtobuslar yuklamani ko‘tara olmagandi.

Muammoning yechimi sifatida mingta avtobus olib kelish topshirig‘i berildi. Mart oyining so‘ngidan boshlab avtobuslarning dastlabki partiyalari kela boshladi va 20 apreldan 400 ta yangi avtobus yo‘nalishlarga chiqarildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga kelib avtobuslarning jami soni eski tarkiblar bilan birga 1 959 taga, tashish sig‘imi esa 155 ming nafarga yetgan. Yangi tarkiblarning 500 tasi katta sig‘imli Yutong va 200 tasi o‘ta katta sig‘imli (18 metrli “garmoshka”) King Long, 302 tasi esa Yutong elektrobuslari hisoblanadi. Ular orasida bir dona “garmoshkali” elektrobus ham bor.

Jamoat transporti soni oshgani yaxshi, ammo oxirgi vaqtlarda ular bilan ko‘plab YTHlar sodir bo‘layotgani ko‘ngilni biroz xira qiladi. “Toshshahartransxizmat” AJning ochiqlashicha, salkam bir yil davomida avtobuslar bilan 94 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, ularning 34 tasi avtobus haydovchilarining aybi bilan yuzaga kelgan. Kun.uz AJ matbuot xizmati bilan bog‘lanib, bu halokatlarning qancha qismi yangi va eski avtobuslar bilan sodir bo‘lgani, oqibatda qancha harakat tarkiblariga shikast yetgani-yu, yo‘llarga chiqa olmayotgani yuzasidan so‘rov jo‘natdi. Ammo hanuzgacha bu savollarga javob berilgani yo‘q.