Jahon | 11:46 / 20.02.2023
9147
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha NATOdan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini talab qildi

Polsha prezidenti Anjyey Dudaning so‘zlariga ko‘ra, alyansning xavfsizlik kafolatlari va’dalari Ukraina va harbiy xizmatchilarning ruhiyati uchun muhim rol o‘ynashi mumkin.

Anjyey Duda / Foto: Reuters

Polsha prezidenti Anjyey Duda NATO davlatlarini Ukrainaga urushdan keyingi xavfsizlik kafolatlarini berishga chaqirdi. Bu haqda u AQSh prezidenti Jo Baydenning Varshavaga tashrifi arafasida Financial Times gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Dudaning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlari haqidagi va’dalar Ukraina va uning askarlari ruhiyati uchun «muhim bo‘ladi», bu «NATO ularni qo‘llab-quvvatlayapti» degan tuyg‘uni uyg‘otadi. 

Polsha prezidenti, shuningdek, Oq uy rahbarini Varshavaga tashrifi chog‘ida Qo‘shma Shtatlar NATO Kollektiv mudofaa shartnomasining 5-moddasini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlashga chaqirdi, unga ko‘ra alyans a’zosiga har qanday hujum blokning barcha a’zolariga qarshi hujum deb hisoblanadi, deb yozadi Financial Times. 

Kiyev intilayotgan xavfsizlik jihatlari AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi NATOning yetakchi kuchlarini kelajakda Ukrainaga hujum qilingan taqdirda harbiy yordam ko‘rsatishga majburlovchi tuzilmaga ega bo‘lishi mumkinligini kafolatlaydi, deb yozadi gazeta. 

Prezident Volodimir Zelenskiyning ma’muriyati boshlig‘i Andrey Yermak bilan birgalikda Ukrainaning urushdan keyingi xavfsizligi bo‘yicha rasmiy taklifni qo‘llab-quvvatlagan NATO sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bu kabi kafolatlarni Isroil Qo‘shma Shtatlardan olgan kafolatlarga o‘xshash deb ta’rifladi. 

Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasida AQSh va Germaniya rasmiylari Ukraina uchun hozirgi bosqichda xavfsizlik kafolatlari zarurligini kamaytirib, G‘arbning harbiy yordami Kiyevga kerak bo‘lgan kafolat ekanligini ta’kidladi, deb yozadi Financial Times. Ammo Ukraina harbiy yordam uchun ko‘proq majburiy kafolatlarga muhtojligini ta’kidlamoqda. 

Nashr shuningdek, Dudaning murojaati amalga oshirilsa, Vashingtondan Jo Bayden yaqinda aytganidan ham ortiqroq Ukrainaga bo‘lgan majburiyatni talab qilishini ta’kidlaydi. NATOning bir qator a’zolari bundan ehtiyot bo‘lib, Rossiya bilan urushga tortilishdan qo‘rqishadi va o‘rniga Ukraina o‘zini himoya qila olishi uchun qurolli kuchlarini kuchaytirish tarafdori. 

Mavzuga oid