19:50 / 22.02.2023
9002

Sergelidagi sport maktablari buzilmaydi – vazirlik

Kun.uz tahririyatiga Sergeli tumanidagi sobiq 2-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabi yopilib, binosi buzilishi haqida murojaat kelib tushdi. Yoshlar siyosati va sport vazirligi xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilmoqda.

Yoshlar siyosati va sport vazirligining Sport maktablari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Isomiddin Po‘latovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, prezidentning tegishli qarori bilan Sergeli tumanidagi sobiq 2-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabi negizida Yangihayot tumani sport maktabi tashkil etilgan. 

“Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 apreldagi 172-sonli qaroriga asosan Yangihayot tumanidagi Xushnud mahallasida sport maktabi binosi qurilib, foydalanishga topshirilgan. Ushbu bino davlat qabul hay’atining 2022 yil 12 dekabrdagi dalolatnomasi hamda Toshkent shahar hokimining 2023 yil 13 yanvardagi qarori asosida foydalanishga qabul qilingan. Mana shu hujjatlarga muvofiq Yangihayot tumanida qurilib, foydalanishga topshirilgan sport maktabi 17 fevral kuni Sergelidagi maktabga ko‘chirildi, balansdan balansga o‘tkazildi”, – deydi vazirlik xodimi.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Yangihayot tumanidagi yangi sport maktabida sport mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Mazkur maktabning avvalgi binosi esa Sergelidagi katta sport maktabi balansiga o‘tkazilib, u yerda ham to‘garak mashg‘ulotlari davom ettirilyapti.  

Ma’lumot uchun, hozirda Sergelidagi sport maktablarida 1 243 nafar, Yangi hayotdagisida esa 839 nafar bola shug‘ullanib kelmoqda.

Top