20:36 / 28.02.2023
32339

Muftiy bir nechta imom-xatibni ishdan oldi, ayrimlariga hayfsan berildi

O‘zbekiston diniy soha xodimlarining tanqidiy-tahliliy yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

28 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov raisligida respublika diniy soha xodimlarining tanqidiy-tahliliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi. 

Yig‘ilishda masjid imom-xatiblari, imom-noiblari, mudarrislar va otinoyilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilingan. Shuningdek, ayrim diniy soha xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni isloh qilish masalalari ko‘rib chiqilgan. 

Yig‘ilish jarayonida «mehnat intizomiga rioya etmagan, vazifasiga vijdonan yondashmagan, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini qondirishga jiddiy sa’y-harakat qilmagan va diniy soha xodimi maqomiga munosib bo‘lmagan» imomlar jazolangan. 

Jumladan, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Fatullayev Abdusalom, Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumani bosh imomi va «Shoh Mashrab» masjidi imom-xatibi Hafizullo Zayniyev, Samarqand viloyati, Oqdaryo tumani bosh imom-xatibi Abloqulov Habibulla va Xorazm viloyati, Shovot tumani «Xo‘roz Eshon bobo» masjidi imom-xatibi Ro‘zmetov Davronbek vazifasidan ozod etilgan. 

Shuningdek, Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonali Jabborov, Jizzax shahar bosh imom-xatibi Faxriddin Shayzaqov, Toshkent viloyati, «Rahbar ota Akbar o‘g‘li» masjidi imom-xatibi Rahmonov Muhammadiy va Farg‘ona viloyati, So‘x tumani «Oftobro‘y» masjidi imom noibi Ilhomiddin Toirovga hayfsan intizomiy jazosi berilgan. Bundan tashqari, Toshkent shahri, «Al-Hudaybiya» masjidi imom noibi Shuhrat Ziyayev mehnat intizomiga rioya etmagani uchun boshqa ishga o‘tkazilgan. 

Ma’lum qilinishicha, ish faoliyatdagi xato-kamchiliklar sababli 2022 yilda 25 nafar imom-xatib, 19 nafar imom-noibi va 2 nafar muhtasib vazifasidan ozod etilgan, shuningdek, 56 nafar imom-xatib va imom noibiga hayfsan intizomiy jazosi berilgan. 

Yig‘ilishda muftiy tomonidan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish, xalq bilan muloqot qilish, kitob mutolaasiga targ‘ib qilish, tahdidlarga qarshi kurashish, imom-xatiblar ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilish odobiga amal qilish va bilim saviyasini oshirish yuzasidan tavsiya hamda ko‘rsatmalar berilgan. 

Mavzuga oid
Top