O‘zbekiston | 16:49 / 02.03.2023
3749
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston sud tizimida «yagona darcha» prinsipi joriy etiladi

Foto: Senat

Senat o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi.

Qonun davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash hamda ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlarga mos holda takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonunda ma’muriy sud ishlarini yuritishni «sudning faol ishtiroki» tamoyili asosida amalga oshirish, bunda ma’muriy sudlarga o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash belgilanmoqda. Huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’yektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga zararni undirish talabi bo‘yicha ham ma’muriy sudga kiritish huquqi taqdim etilmoqda. Ma’muriy sudlarning hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash, takroran ijro qilinmaganligi uchun sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llash belgilanmoqda. Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida yarashuvga erishish mexanizmlari joriy qilinmoqda.

Sudlar tizimida «yagona darcha» tamoyilini keng joriy etish, bunda sudlar tomonidan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish yuritishni tugatishni taqiqlash hamda da’vo arizasi, ariza, shikoyatlarni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Iqtisodiy sud tomonidan berilgan ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisining chiqargan qarori ustidan iqtisodiy sudga emas, balki ma’muriy sudga shikoyat qilish belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid