17:00 / 02.03.2023
12318
Reklama

Yangi texnologiyalar va innovatsion yondashuv: UzAuto alyuminiy qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda

Foto: UzAuto Motors

1 mart kuni Berlinda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi «O‘zavtosanoat» AJ vakillaridan iborat delegatsiya ishtirokida Germaniya-O‘zbekiston ilk biznes forumi tashkil etildi. Forum doirasida «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzakov hamda KS HUAYU Alu Tech Group (Germaniya/XXR) vakillari o‘rtasida O‘zbekistonda alyuminiy dvigatel qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish masalasi muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida Germaniya-Xitoy kompaniyasining boshqaruvchi direktorlari Ralf Linz va Mixayel Shafler istiqbolli munosabatlarning yanada kengayishi va rivojlanishi «UzAuto Motors» zavodida yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmining doimiy o‘sib borishiga zamin yaratishini ta’kidladilar.

Dvigatel silindr bloklari va quyma qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha katta tajribaga ega KS HUAYU GEM kompaniyasi, GEM Tracker va Onix modellari uchun CSS Prime yangi avlod dvigatellarini mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishda UzAuto'ning ishonchli hamkoriga aylanadi.

O‘tgan yilning dekabr oyida UzAuto Motors Powertrain korxonasi negizida CSS Prime dvigatellarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu kabi yuqori texnologiyali agregatning ishlab chiqarilishi, milliy avtomobilsozlik sanoati rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘yganini anglatadi.

Ushbu dvigatellar uchun kelgusida yuqori aniqlikda qayta ishlanishi mumkin bo‘lgan alyuminiy silindr bloklarini quyishni tashkil etish, O‘zbekiston mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish imkonini yaratadi. Xususan, import o‘rnini bosish ko‘rsatkichi 24,7 million dollarga, ishlab chiqarish tannarxi 4,7 million dollarga pasayishiga xizmat qiladi.

Alyuminiy silindr bloklarini ishlab chiqarishni to‘liq siklda tashkil etish loyihasining umumiy qiymati 27 million dollardan ortiq bo‘lib, uning yillik aylanmasi 22,6 million dollarni tashkil etadi. Yiliga 190 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy quyuv hamda detallarni yuqori aniqlikdagi qayta ishlash sexini tashkil etish uchun «UzAuto Motors Powertrain» AJga qo‘shimcha yana 1 540 kvadrat metr maydon ajratiladi. Shuningdek, loyiha doirasida korxonada qo‘shimcha 50 ta ish o‘rni yaratiladi.

Qismlarni eritish va qayta ishlash bo‘yicha yangi majmua alyuminiy qayta ishlashning barcha bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Jumladan,

*eritish,

*yuqori bosim ostida qoliplarni quyish,

*rang berish,

*birlamchi mexanik ishlov berish,

*yuqori aniqlikdagi mexanik ishlov berish.

Muloqotlar davomida, shuningdek, ilg‘or nemis tajribasi asosida o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish va o‘qitish tizimini tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Nemis hamkorlari bilan birgalikda amalga oshiriladigan mazkur loyiha avtomobilsozlik sanoatiga eng ilg‘or va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan birga, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasida yuqori malakali mutaxassislar yetishib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Ayni paytda «UzAuto Motors Powertrain» zavodida 66 kVt (89 l/s) quvvatga ega CSS Prime 1.2 LIF atmosfera dvigatellari va 97 kVt (131 l/s) quvvatga ega CSS Prime 1.2 L4H turbo dvigatellari ishlab chiqarilmoqda.

Yiliga 400.000 donagacha ichki yonuv dvigateli ishlab chiqarish imkonini beruvchi (190 000 dona CSS Prime dvigatellarni hisobga olgan holda) CSS Prime liniyasiga 190 million dollar sarmoya jalb etildi. Yangi liniya Fransiya, Germaniya, Xitoy va Koreya yetakchi ishlab chiqaruvchilarining zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, 55% avtomatlashtirilgan.

KS HUAYU Alu Tech GmbH - bu Rheinmetall (Germaniya) va HUAYU Automotive Systems Co kompaniyalari guruhi sanaladi. Ltd. (HASCO, Xitoy). Yengil alyuminiy komponentlarning etakchi ishlab chiqaruvchisi sifatida KS HUAYU va KPSNS Germaniya va Xitoyda ishlab chiqarish quvvatlariga ega.

UzAuto matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida

Top