19:40 / 03.03.2023
45373

Dunyoviylik nima va u O‘zbekiston uchun nega muhim?

O‘zbekistonning raqobatdosh, huquqiy demokratik davlat bo‘lishining shartlaridan biri – vijdon va din erkinligini ta’minlashdir. Vijdon va din erkinligi ta’minlanishi bilanoq, O‘zbekistonda demokratik transformatsiya uchun yirik qadam tashlangan bo‘ladi.

Zomin tumani / Foto: Kun.uz

Dunyoviylik, yoki sekulyarizm – bu siyosiy hokimiyat va ma’muriy boshqaruvni tashkil qilishdagi tamoyil bo‘lib, uning tarixiy ildizlari tolerantlik-bag‘rikenglikka borib taqaladi. Ijtimoiy tinchlikni ta’minlash maqsadida, huquqiy-demokratik davlatlar ikkita asosiy vazifani bir vaqtda ta’minlash mas’uliyatini olishadi: har bir shaxsga vijdon va din erkinligini kafolatlash va ayni paytda, hammaning tengligini ta’minlashdir.

Bu vazifalarni amalga oshirish uchun, ikki muhim shart oldinga suriladi. Birinchisi, siyosiy hokimiyatning va boshqaruv ma’muriyatining barcha bug‘inlarini diniy pozitsiya va diniy institutlarga nisbatan neytralligini va ulardan ajratilganligi hisoblanadi.

Neytrallik deganda, davlatning har qanday vijdoniy qarashga, hoh u diniy bo‘lsin yoki bo‘lmasin, na yon bosmasligini, na unga qarshi faoliyat olib bormasligini nazarda tutadi. Ya’ni davlat barcha vijdoniy qarashlar va dinlardan masofada turadi, ulardan ba’zilarini pozitsiyasini davlat pozitsiyasi qilib olmaydi, va yoki, ularni ba’zilariga qarshi faoliyat olib bormaydi.

Dinlardan ajratilganligi deganda, davlat o‘zining legitimligini jamiyatdagi biron bir falsafiy qarash, diniy pozitsiya bilan bog‘lamaydi. Ya’ni jamiyatda diniy masalada turfaxillik bo‘lar ekan, davlat na diniy ko‘pchilikning va na kamchilikning tarafida bo‘ladi, o‘zining legitimligini ko‘pchilik yoki kamchilik bilan bog‘lamaydi, hammaga birdek huquqiy pozitsiyadan turib munosabat-muomala qiladi.

Har bir jamiyatning o‘tmishidan kelib chiqib, u yoki bu qadriyatni ma’lum trayektoriyada talqin qilish moyilliklari bo‘ladi. O‘zbekiston dunyo tarixida eng katta ateistik davlat hisoblanmish sobiq SSSR tarkibida bo‘lib kelgan. Ateizm – mafkuraviy va tashkiliy jihatdan o‘ta tajovuzkor mafkura sifatida, mustaqil O‘zbekiston jamiyati zehniyatida o‘z asoratlarini saqlab qolmoqda.

Bu asorat, birinchi o‘rinda demokratik-huquqiy davlatlar amaliyotida keng ildiz otgan “sekulyarizm” qadriyatini talqin qilishda seziladi. O‘zbekistonda, mutlaq aksariyat hollarda “dunyoviylik” davlatga/hokimiyatga/hukumatga emas, jamiyatga talab sifatida talqin qilinadi. Dunyoda “vijdon va din erkinliklari”, “huquqiy davlatchilik va sekulyarizm” borasida juda chuqur o‘ylangan va mantiqan asoslangan tamoyillar shakllangan.

Bu tamoyillarda deyarli universal mantiqni kuzatish mumkin. Yuqorida aytilgani kabi, bu mantiqning zamirida, bir tomondan shaxs va jamiyatning imkon qadar erkin bo‘lishi, va bu erkinlik chegaralari faqatgina boshqa shaxs erkinliklari sarhadida tugashi nazarda tutiladi.

Ikkinchi tomondan, shaxslarning tengligini ta’minlash nazarda tutiladi. Boshqacha qilib aytganda, “sekulyarizm”, “dunyoviylik” tamoyilining birinchi va markaziy talabi – ma’muriyatga, hokimiyatga, hukumatga qaratilgan bo‘lib, davlatning dinlarga va falsafiy qarashlarga nisbatan neytral bo‘lishi nazarda tutiladi.

Misol uchun, O‘zbekiston va yoki har qanday boshqa davlatda dinlar, mazhablar, fiqhiy maktablar, falsafiy qarashlar (jumladan, agnostiklar va ateistlar) va ularni e’tiqod darajasi, dindorlik darajasiga ko‘ra turfa qarashlar bo‘lar ekan, huquqiy sekulyar davlat ular bilan qanday muomala qiladi?

Agar, davlat ulardan birini yonini olsa, jumladan, ulardan birining qarashlarini davlat qarashiga aylantirsa, tabiiy ravishda, boshqalarga nisbatan noxolis va yoki repressiv siyosat paydo bo‘ladi.

O‘zbekiston mustaqillikdan boshlab, o‘tgan 27 yil davomida aynan noxolis va repressiv siyosat yuritganligi yangi ma’muriyat tomonidan ham tan olindi. O‘zbekiston oldingi ma’muriyatini vijdon va din borasidagi siyosatini “kuch bilan jamiyatni dunyoviylashtirish siyosati”, “aholining dindorlik darajasi bilan kurashish siyosati” deb nomlash mumkin xolos.

Chunki davlatning siyosati shaxs erkinliklarini buzgan holda, odamlarning vijdon va diniy erkinliklarini jiddiy, tizimli va qo‘pol buzgan holda amalga oshirildi. Davlatning oldiga qo‘ygan maqsadi – barcha dinlar va falsafiy qarashlardan distansiya saqlash, neytral turish emas, bosim o‘tkazish va mahrum qilish instrumentlari orqali jamiyatni dindan uzoqlashtirish, ularni dindorlik darajasini imkon qadar past ushlab turishga tizimli va qat’iy harakat qilingandi.

Huquqiy-demokratik davlatlarda Konstitutsion sudlar, sudlarning har xil quyi instansiyalari, davlatning dinlar bilan muloqot qiluvchi maxsus muassasalari doimiy ravishda eng malakali intellektual ekspertiza bilan shug‘ullanishadiki, ular, bir tomondan shaxsiy erkinliklarni ta’minlash, boshqa tomondan, davlatning neytralligini ta’minlash bilan shug‘ullanishadi.

O‘zbekiston davlati, Konstitutsiyaga ko‘ra, o‘ziga huquqiy-sekulyar tizimni ta’minlash mas’uliyatini olgan. Mana, keyingi yillar ichida O‘zbekiston dunyo standartlaridagi qadriyatlar, standartlar va qarashlar bilan hisoblashish muhimligini tan oldi, oldingi ihotalanish siyosatidan voz kechdi.

O‘tgan davrda O‘zbekistondagi eng markaziy ziddiyatlar chizig‘i – davlatning ekstremal dunyoviy qarashlari va jamiyatning diniy ehtiyojlari o‘rtasida kechdi. Natijada, O‘zbekiston diniy-siyosiy mahbuslar soniga ko‘ra, MDH davlatlari orasida mutlaq lider bo‘ldi. Aynan diniy sohadagi repressiyalarni deb, O‘zbekiston davlatchiligi o‘zining qimmatli reputatsiyasidan ayrildi.

O‘zbekiston kabi davlatda demokratik-huquqiy tizim shakllantirish uchun nega vijdon va din erkinligi bu qadar muhim? Sababi oddiy. O‘zbekistonda, tarixan diniy o‘zlik juda keng, chuqur va kuchli bo‘lgan. Jamiyatda erkinlik ildiz otishining birinchi shartlaridan biri ham – diniy erkinliklar. O‘zbekistonda demokratiya, ya’ni ko‘pchilikning irodasi ifoda etilishining birinchi qadami – bu vijdon va din erkinligidir.

Ayni paytda, O‘zbekiston jamiyatiga, xalqiga vijdon va din erkinligini tushuntirish kerak. Chunki vijdon va din erkinligi – bu diniy sohadagi garmoniyani anglatmaydi. Jamiyatda agnostiklar, ateistlar, boshqa din vakillarining ham emin-erkin yashashi, faoliyat olib borishini kafolatlaydi. Bu esa hammaga ham yoqavermasligi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, odamlar o‘zlarining vijdon va din masalalarida erkin bo‘lishini istashsa, boshqacha qarashlar ham borligini va ularning ham haq-huquqlari borligini tan olishlari, sabr qilishlari, hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari talab qilinadi.

Vijdon va din erkinligi – o‘zaro muloqot, bahslarni inkor qilmaydi. Chunki dinlar va vijdoniy qarashlar har doim oliy haqiqat borasida bahslashadi. Vijdon va din erkinligi, insonlarning erkin bo‘lishini, qonun oldida teng bo‘lishini, davlat institutlari va mulozimlarining neytral bo‘lishini va odamlarning boshqalar bilan muloqotini madaniyatli – jabr-zulmlarsiz kechishini talab qiladi xolos.

O‘zbekistonda haliga qadar vijdon va din erkinligini ta’minlashning davlat uchun qulay formulasi topilgani yo‘q. Hukumatda “agar diniy sohada to‘liq erkinlik berilsa, diniy fon oshib ketadi va jamiyatda diniy radikalizm kuchayib ketishi mumkin” degan norasmiy xavotir mavjud. Bu xavotir qisman asosli ham bo‘lishi mumkin.

Chunki jamiyatimizda hali huquqiy madaniyat ancha zaif. Odamlar vijdon va din erkinligi tamoyillarini yaxshi tushunmaydi. Jamiyatda jizzakilik, biroz agressivlik, yopiqlik ham bo‘lishi tabiiy. Lekin davlat vijdon va din erkinligini kengaytirish borasida aniq strategiyaga ega bo‘lishi kerak.

Misol uchun, yillar davomida vijdon erkinligi va diniy erkinliklarni amaliy ishlar bilan parvarishlab borish, jamiyatga bu tamoyillarni keng tushuntirish kerak. O‘zbekistonda vijdon va din erkinligi yetarli darajada ta’minlanganda, demokratiya uchun kuchli poydevor qo‘yilgan bo‘ladi.

O‘zbekistonda demokratiya bo‘lganida esa, milliy boylik yaratish juda tezlashadi. Geosiyosiy mustaqil hamda qudratli sub’yekt bo‘lish salohiyatini to‘liq qo‘lga kiritgan bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzu
Rabbimov fikri
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'dagi mualliflik kolonkasi
Barchasi
Top