01:24 / 04.03.2023
40640

Toshkent shahar IIBB ota-onalarni «Ryodan» harakatidan ogohlantirdi

O‘smirlarning bu harakati yapon komikslaridan kelib chiqqan bo‘lib, bir qancha davlatlarda ommaviy tartibbuzarliklarni uyushtirmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) yapon komikslaridan birining qahramonlaridan ilhomlangan «Ryodan» xalqaro yoshlar harakati haqida ota-onalarni ogohlantirdi. Idora bu harakatning muxlislari yurtimizda ham borligi haqida xabarlar olgan.

Qayd qilinishicha, «Ryodan» yapon animatsiya san’ati muxlislari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, dastlab o‘smirlarni qiziqishlari bo‘yicha birlashtirishni maqsad qilgan. Bolalar sevimli qahramonlarni muhokama qilib, ularga o‘xshashga intilib, orqasida o‘rgimchak rasmi hamda 4 raqami bo‘lgan katakli shim va futbolkalarni kiyib olishgan.

Biroq, vaqt o‘tishi bilan harakatdan yangi yo‘nalish ajralib chiqib, ular ichida bir qator tajovuzkor shaxslar paydo bo‘lgan. Ular hududdagi vaziyatni beqarorlashtirish, o‘smirlarning «to‘liq shakllanmagan dunyoqarashiga ta’sir o‘tkazish» orqali ularni nazorat qilishni maqsad qilib olgan. Buning oqibatida, tarmoqdagi begona shaxslarning buzg‘unchi shiorlari ta’siriga berilib ketgan bolalar jamoat joylarida to‘planib, ommaviy tartibbuzarliklarni uyushtira boshlagan.

Ayni paytda «Ryodan» harakati tomonidan uyushtirilgan bunday holatlar Rossiya, Ukraina, Belarus va boshqa davlatlarda qayd etilgan. Janjallar ishtirokchilarning turli darajadagi tan jarohati olishi, mulkka zarar yetkazilishi, ko‘plab ma’muriy va jinoiy ishlarning qo‘zg‘atilishiga olib kelgan.

«Biz yurtimizda bunday oqibatlarning oldini olishimiz kerak. Hurmatli ota-onalar! Farzandlaringizga e’tiborli bo‘ling, ularning qiziqishini o‘rganing, ayniqsa submadaniy qiziqishlariga befarq bo‘lmang», deyiladi xabarda.

Toshkent shahar IIBB bolalarning anime va mangaga bo‘lgan qiziqishini qoralab bo‘lmasligini, lekin, bu qiziqish tufayli noma’lum shaxslarning ta’siriga tushib qolmayotganiga, virtual dunyoni haqiqatdan ajrata olish qobiliyatini yo‘qotmaganiga ishonch hosil qilishni so‘ramoqda.

«Farzandlaringiz hayotiga, ularda kechayotgan o‘zgarishlarga befarq bo‘lmang: ular bilan do‘stona munosabatda bo‘lish orqali qiziqishlarini, ishtiyoqini muhokama qiling, shu yo‘l bilan ularning fikrini o‘rganasiz va ularda bo‘layotgan o‘zgarishlarni sezish imkoningiz oshadi», deyiladi xabarda.

Top