18:01 / 05.03.2023
38285

«Jahonning ikkinchi armiyasi»: Rossiya qurolli kuchlari bu nomni qanday orttirgan?

24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng qamrovli urush boshlaganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan qilgan chiqishida Volodimir Zelenskiy shunday dedi: «Ukraina uch kun ichida taslim bo‘lmadi. U jahonning ikkinchi armiyasini to‘xtata oldi».

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.ua

So‘nggi yillarda RF mudofaa vaziri Rossiya armiyasi «jahondagi eng zamonaviysi» deb atagan, Vladimir Putin esa Rossiya o‘z tarixida ilk marta qurollanish poygasi bo‘yicha «raqiblari»ni quvish bilan band emasligi, aksincha, AQSh va boshqalar ularni yetib olish uchun quvayotganini ta’kidlagan.

Ukrainadagi urush esa armiyaning real holatini ko‘rsatib berdi. Urushgacha bo‘lgan shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilardan iborat armiya katta yo‘qotishlarga uchradi, safarbar qilinganlar va ularning qarindoshlari esa tayyorgarlik va ekipirovka yo‘qligi, antisanitariya, yaroqsiz qurollardan shikoyat qilishmoqda.

Shu sababli Rossiya armiyasini Ukraina mediasi «jahonda ikkinchisi» deb pisanda qilib tilga oladi. Ular «Jahonning ikkinchi armiyasi» iborasini mem darajasiga ko‘tarib, hattoki bu haqda qo‘shiq ham yaratishdi.

Rossiyaning armiyasi jahonda ikkinchi ekani to‘g‘risidagi g‘oya qayerdan paydo bo‘lgan?

Chunki 2011 yildan buyon Rossiyaning harbiy salohiyatini Global Firepower shunday baholab keladi va bu sayt harbiy ekspertlar ichida biror nufuzga ega emas.

Uning 2022 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlari umumiy hisobda jahonda ikkinchi, tanklar, artilleriya va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Ukraina bilan urushda ko‘rinib qolgan (askarlarni tayyorlash, qo‘mondonlik, aloqa va ta’minot bilan bog‘liq) kamchiliklar ham yakuniy bahoga ta’sir o‘tkazmagan.

Ukrainada zarbaga duchor bo‘lgan rus tanki. Foto: 24tv.ua

Bu indeksni hisoblash uchun Global Firepower qo‘shinlarning holati, mamlakatning jo‘g‘rofiy joylashuvi, tabiiy resurslar, armiyaning moliyaviy ta’minoti va boshqa 50 ga yaqin omillarni hisobga oladi. Bu ma’lumotlar ochiq manbalardan, jumladan, hokimiyat bayonotlaridan olinadi. Ya’ni bunday ma’lumotlar doim ham to‘liq va to‘g‘ri bo‘lavermaydi.

Nufuzli harbiy ekspertlar umuman Global Firepower baholashlariga e’tibor berishmaydi. Ular ko‘proq har yili The Military Balance hisobotida e’lon qilinadigan strategik tadqiqotlar xalqaro instituti (IISS) ma’lumotlariga asoslanishadi. IISS mamlakatlarning harbiy xarajatlari, qurollanishda turgan va ishlab chiqarilayotgan texnikasi, shuningdek, armiya tuzilmasini tahlil qiladi.

Hattoki shu hisobot bilan ham Rossiya armiyasining holatiga haqqoniy baho berish qiyin. Agar qurollanishga xarajatlar xarid qobiliyati paritetiga solishtirilsa, Rossiya AQSh, Xitoy va Hindistondan so‘ng jahonda uchinchi yo to‘rtinchi bo‘ladi. Biroq, umumiy «qudrat» qo‘shib hisoblanganda — Rossiya baribir ikkinchi o‘rinda, yadroviy arsenali sharofati bilan.

Fuqarolik-harbiy munosabatlarga ixtisoslashgan Rossiya siyosati tadqiqotchisiga ko‘ra, tahlilchilarning xulosalari o‘ta shartli. Har bir harbiy mojaro unikal. Armiyaning holatini texnika soni va budjeti hajmi bo‘yicha emas, mojaro kontekstida — muayyan jangovar vazifani bajarishiga qarab baholash kerak.

AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etmoqda. Foto: turkishnews.com

Deylik, «jahonning birinchi armiyasi» — AQSh Afg‘onistonda «Tolibon»ni yenga olmadi. Shu bilan u qudratidan mahrum bo‘ldimi? Yoki u jang qilishga eng layoqatli armiya sifatida ishonchdan qoldimi? Albatta, yo‘q — shunchaki shu muayyan urushda AQSh hokimi turli sabablarga ko‘ra qo‘yilgan vazifani uddalay olmadi.

Kreml o‘z armiyasining yengilmas ekaniga barchani qanday ishontirgan?

Qisqa javob: tuzilma bilan bog‘liq islohotlar va piar yordamida.

Rossiya prezidenti V.Putin Myunxen konferensiyasida nutq so‘zlamoqda. 2007 yil. Foto: politobzor.net

Barchasi 2007 yildan — Putinning mashhur «Myunxendagi nutq»idan boshlangan. O‘shanda u g‘arb davlatlarining siyosatini qoralab, NATOning sharqqa qarab kengayishiga toqat qilib bo‘lmasligini aytgan. RF prezidenti ochiqchasiga G‘arb bilan qarama-qarshilikni Rossiya tashqi siyosatining bosh motivi etib e’lon qildi. Bunda mantiqan ikkinchi qadam militarizatsiya (qurollanish) bo‘lishi kerak edi ham.

2008 yilda Gurjiston bilan urush ro‘y berdi. Bu urush boshqa narsalar qatori Rossiya armiyasida qo‘shinlar boshqaruvi, texnika holati va ta’minoti, aloqa bilan bog‘liq ishlar joyida emasligini ham oshkor qildi. O‘sha yil oktyabrida keng qamrovli harbiy islohot boshlandi.

2008 yil. Rus qo‘shinlari Gurjistonda. Foto: warshistory.ru

Mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov rahbarligida armiya qisqartirildi, shartnoma asosida xizmat yo‘lga qo‘yildi, armiyaning tashkiliy tuzilmasi o‘zgartirildi. Dmitriy Medvedev prezidentligi davri (2008–2012 yillar)da harbiy xarajatlar shu qadar oshirildiki, Putinning ko‘p yillik moliya vaziri Aleksey Kudrin janjal ko‘tarib hukumatdan ketdi.

2012 yilda «texnokrat» Serdyukov o‘rniga piarni tushunadigan Sergey Shoygu keldi. U Rossiya armiyasining tashqi ko‘rinishiga (yangi texnika, yangi liboslar) va umuman imijiga katta e’tibor qarata boshladi. Shoyguning qizi Kseniya rahbarligida «Qahramonlar poygasi» va tank biatloni o‘tkazila boshlandi. Xorijiy kuzatuvchilar ham taklif qilinadigan o‘quv mashqlari ko‘paytirildi. U yerda rus harbiylarining yangi mahorati va armiyaning imkoniyatlari namoyish qilina boshladi. Mudofaa vazirligining chiroyli tasvirlarga boy videoroliklari ijtimoiy tarmoqlarda va armiyaga oid syujyetlar «Zvezda» telekanalida aylantirila boshlandi.

2013 yilda «yuqori aniqlikdagi qurol» ishlab chiqarishga bag‘ishlangan birinchi ochiq yig‘ilish o‘tkazildi. 2018 yilga kelib, u eng yangi qurol-yarog‘lar taqdimotini Federal majlisga murojaatnomasida namoyish etish darajasiga borib yetdi... va butun dunyoga tahdid qildi: «Biz bilan hech kim mohiyat bo‘yicha gaplashishni istamadi, bizni hech kim eshitmadi. Ana endi eshitib ko‘ringlar». Bu gaplar birinchi navbatda Putin o‘n bir yil oldin o‘zining «Myunxendagi nutq»ida fosh qilgan AQShga atalgan edi.

Vladimir Putin tomonidan 2018 yilda taqdimoti o‘tkazilgan yangi qurol-yarog‘lar Rossiya TVda to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatildi. Skrinshot: Rossiya telekanali

Aftidan, shu piar-strategiya doirasida o‘sha Global Firepower bahosi ko‘paytirilgan. Aynan Kreml mediasi sharofati bilan ko‘plab tadqiqotchilar bu «reyting»dan voqif bo‘lishdi. Bu yerda juda ko‘p g‘alati narsalar ko‘zga tashlana boshladi: haligacha bu reytingni kim va qaysi uslub bilan tuzishini bilmaydi. Saytda ochiqchasiga ular materiallarni «tarixiy va ko‘ngilochar qimmati uchun» e’lon qilishayotganini yozib qo‘yishgan. Sayt egasi esa amerikalik bloger, reklama va klikbeytli saytlar yaratish ortidan pul topadigan tadbirkor.

Shunisi e’tiborga molikki, na Putin, na Shoygu Rossiya armiyasi dunyoda eng zo‘r armiya bo‘lishiga da’vogar. Ularning nazdida «jahonning ikkinchi armiyasi» — «Qizil armiya hammadan kuchli» kabi propagandistik maqtanchoqlik emas, hushyor va real bahodir.

Bularning barchasi ish bera boshladi. Rossiya ichida 2009 yilning oktyabridan 2021 yil avgustigacha armiyaga ishonch 30 foizga o‘sdi. Harbiy xizmat ijtimoiy liftga aylandi. Boshqa mamlakatlar gipertovushli qurol borasida Rossiya birinchilikka chiqib olgani uchun asabiylasha boshlashdi.

Bundan tashqari, Suriyadagi urushda qatnashish, Qrim annexiasi unga nechog‘liq axloqiy va siyosiy nuqtayi nazardan qaralmasin, Rossiya murakkab harbiy operatsiyalarni o‘tkaza olishini ko‘rsatib berdi. Rossiyada armiya va qirg‘in keltiruvchi qurol faxrlanish belgisiga, urushning o‘zi esa — memga aylandi.

Rossiyada urush memga aylandi. Foto: mtdata.ru

2022 yilga kelib Rossiya armiyasi boshqa davlatlarda yengilmas mashina sifatida qabul qilina boshlaganidan hayron qolmaslik kerak. Nafaqat Rossiya oliy rahbariyati, ko‘plab xorijiy siyosatchilar ham Kiyev turib bera olmasligiga ishonchi komil edi.

Lekin shu payt nimadir boshqa yo‘ldan ketdi...

Kreml haligacha «jahonning ikkinchi armiyasi» Ukrainani mag‘lub etishiga ishonadimi?

Biz buning anig‘ini bilolmaymiz. Lekin armiya baribir hamma narsani uddalashiga bo‘lgan ishonch ularda urushni davom ettirishga rag‘bat uyg‘otmoqda.

Putinga hokimiyatni o‘zida saqlab qolishi uchun urush davom etishi har qanday holatda zarur. Uning uchun bu urushda yengilish — uning mavjudligiga tahdid, garchi u ong ostida bunga tayyor bo‘lsa ham, deydi sotsiolog Grigoriy Yudin.

Harbiy ekspert Pavel Luzinning ta’kidlashicha, revanshizm va harbiy kuch Rossiya hokimiyati legitimligini ta’minlash uchun bosh usul bo‘lib turibdi. Bu transformatsiyada bosh rolni aynan 2010-yillarda «jahonning ikkinchi armiyasi» timsolini propagandistik ruhda singdirish xal qiluvchi rolni o‘ynagan.

Yana bir tadqiqotchi Ukrainaga keng miqyosda bostirib kirishdan avval Kreml Suriyadagi operatsiya va Qrimni tezkor annexia qilinishi Rossiya armiyasining misli ko‘rilmagan muvaffaqiyati o‘laroq qabul qilingan. Hokimiyat uchun bularning barchasi 2008 yilgi islohotlar armiyani samaraliroq qilganining tasdig‘i bo‘lib ko‘ringan.

Qrimdagi «yashil odamchalar». Foto: donelliot.rf

Lekin Ukraina bilan urush o‘sha urushlarga aslo o‘xshamaydigan bo‘lib chiqdi. Rossiya armiyasi bunday urushga tayyor emasdi — chunki o‘zi tayyorgarlik ko‘rmagan. Ko‘rinib turibdiki, barcha rejalar zamonaviy urush juda tez kechadigan tadbir degan g‘oyaga asoslangan. (Bu ohanjama tilda Rossiyaning amaldagi harbiy doktrinasida ham yozib qo‘yilgan). Boz ustiga, Ukrainadan umuman biror bir jiddiy qarshilikni kutishmagan ham.

Putin, aftidan, Rossiyadagi chindan ham jahonda «muqobili yo‘q» qurol borligi (2010-yillarda tarqatilgan propaganda shtampi)ga chindan ham ishonib qolganga o‘xshaydi. Ularda aslida umuman hech narsa yo‘q degani emas, albatta, lekin bir qator nyuanslar bor.

Rossiyada eng yangi qurol-yarog‘lar bor, lekin jang maydonida ustunlikni olib beradigan miqdorda emas. Ekspertlar yangi texnikani qurollanishga qabul qilish korrupsiya tufayli o‘nlab yilga cho‘zilganini ta’kidlashmoqda. Mudofaa vazirligi qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchilar bilan yillab ziddiyatga borib kelgan. «Meduza» muharriri Dmitriy Kuznetsning hikoya qilishicha, ularga juda qat’iy texnik topshiriqlar bilan haddan ziyod talablar qo‘yilgan, ular esa o‘z navbatida narxlarni oshirishgan. Mudofaa vazirligi «noqulay» yetkazib beruvchilarni kasod qilishga uringan. Oqibatda, eng yangi T-14 «Armata» tanki yetti yillik qayta ishlanmalardan so‘ng ham qo‘shinlarga yetkazib berilmadi.

Rossiyaning ko‘p maqtalgan zamonaviy «Armata» tanki faqat Qizil maydondagi harbiy paradlarda ko‘rinish berdi. Foto: TASS

Rossiyada AQShning HIMARS raketa-artilleriya kompleksiga o‘xshash yuqori aniqlikdagi qurol-yarog‘i yetarli miqdorda mavjud emas. Ko‘rgazmalarda maqtanilgan tanklarni aktiv himoya qiluvchi komplekslar ham aftidan ish bermaydi: Ukrainadagi janglarda qatnashayotgan birorta Rossiya tankida bu narsaga duch kelinmagan.

Fuqarolik-harbiy munosabatlar bo‘yicha ekspertning fikricha, «muqobili yo‘q» qurol haqidagi ritorika esa umuman tagi bo‘sh. U yoki bu texnologiyadan nechog‘lik samarali foydalanilayotgani muhim. Masalan, Starlink bir yildirki Ukraina harbiylariga vatanni himoya qilish uchun yordam berib kelmoqda, holbuki aloqa tashkillashtirishning boshqa usullari ham mavjud. Ya’ni qo‘pol qilib aytganda, uning «muqobili bor». Lekin ayni sharoitlarda aynan Starlink eng sodda va samarali aloqa konfiguratsiyasini taqdim etmoqda.

Kelib chiqadiki, Rossiya hokimiyati qudratli armiyaga egamiz deb o‘z-o‘zini ishontirgan va bunga ishonib urush boshlagan — endi ularga ortga yurish qilish juda qiyin (ammo imkonsiz emas). Buni aniqroq qilib shunday aytish mumkin: Rossiya hokimiyatining alohida tizimlari (Kreml, Mudofaa vazirligi, propaganda va h.k.) bir birini va atrofdagi olamni o‘zining qudrati va samaradorligiga shu qadar ishontirishga uringanki, alal-oqibatda o‘z kuchiga adekvat baho bera olmay qolgan.

Ukrainadagi urush cho‘zilishi, Kiyev va Xarkiv ostonasi va Xersonni tark etishni Kreml vaqtinchalik qiyinchilik sifatida qabul qilmoqda. 2022 yil oxirida Mudofaa vazirligi qurolli kuchlarda yangi islohot o‘tkazilishini, shtat birligi ko‘paytirilishi, yangi harbiy okruglar, diviziya va korpuslar tuzilishini e’lon qildi. Ko‘plab tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya uzoq davom etadigan urushga tayyorlanmoqda.

Financial Times’ning Kremlga yaqin manbalari ta’kidlashicha, Putin G‘arb Ukrainaga yordam berishni bas qilishidan, Rossiya iqtisodiyoti esa sanksiyalarga dosh berishidan umidvor — shunda barcha harbiy xarajatlar va ijtimoiy ehtiyojlar osongina qoplanadi. Bu holatda Rossiya prezidenti Rossiya qurolli kuchlarining shu kundagi ahvoli supersamarali «jahonning ikkinchi armiyasi» obrazidan naqadar yiroqligini qisman anglaydi — chunki uning atrofidagilar doirasi juda toraygan va unga ishlarning real ahvolini aytishdan qo‘rqishadi.

Rossiya prezidenti mamlakatni parchalashni xohlovchi NATO va dushmanlar bostirib kirishidan jiddiy tarzda hayiqadi. Bu hisobga olinsa, davlat tomonidan qo‘llanayotgan militarizm— Shimoliy Atlantika bloki va Ukrainaga yordam qo‘lini cho‘zgan barchani cho‘chitishga urinish. Ehtimol, Kremldagilar hamon barcha narsani qo‘rquv yo‘lida ishlatishda davom etishmoqda.

Lekin tahlilchilarning ishonchi komil: «jahonning ikkinchi armiyasi»ga na harbiy islohot, na davomli urush yordam bera oladi — G‘arb davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishmoqda. Agar ishlar shu zaylda ketsa, Putinning so‘nggi 15 yilda olib borgan militaristik siyosati ulkan xato bo‘lib chiqadi. Biroq buni u hech qachon tan olmasa kerak. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top