14:32 / 05.03.2023
13186

Urushni o‘rganish instituti: Rossiya Baxmutda oldinga siljidi, lekin shaharni o‘rab olgani yo‘q

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Baxmut shahrini egallab olish yo‘lida biroz oldinga siljigan va shahardagi qator hududlarni egallab olish imkoniga ega bo‘lgan. Bu haqda Amerika Urushni o‘rganish institutining har kunlik hisobotida aytilgan.

Foto: AFP

Ammo institut ekspertlari xulosasiga ko‘ra, Rossiya armiyasi ukrainalik harbiylarni chekinishga majbur qilolmagan, yaqin orada ruslar shaharni o‘rab olishini ham kutish o‘rinsiz.

Ukraina tomoni Baxmut sharqidagi o‘ta murakkab hududlardan kuchlarni nazoratli olib chiqish uchun qulay sharoit yaratishga intilmoqda, ammo ukrainaliklarga Baxmutdan chekinish topshirig‘i berilgani haqida ma’lumot yo‘q. Institut tahlillariga ko‘ra 4 mart kuni Rossiya kuchlari oldinga siljigan, vagnerchilar oxirgi bir necha kunda muvaffaqiyatli aylanib o‘tish taktikasi sabab Baxmut shimoli-sharqida ham oldinlagan.

Ukraina hukumati Baxmutdagi vaziyat hamon nazoratda ekanini ta’kidlash bilan birga, shahardagi holat tobora qiyinlashib borayotganini tan olmoqda. Chunki «Vagner» oxirgi vaqtlarda Baxmut bosqiniga eng yaxshi tayyorlangan jangchilarini yubormoqda.

Rossiya Baxmut yo‘nalishida oxirgi vaqtlarda muvaffaqiyatga erisha olmayotgandi. Oxirgi kunlardagi siljishga qaramay, ruslar shaharni o‘rab olishi yoki shaharni kuch bilan egallab olishi haqida gapirish asossiz.

Institut tahlillariga ko‘ra, ruslar Ukraina armiyasining aloqa chiziqlariga yaqin kelishga muvaffaq bo‘lgan va shaharga yangi kuch tashlanishiga xalaqit berish imkonini qo‘lga kiritgan. Ruslarning bu taktikasi orqali raqibni tayyorlangan mudofaa chiziqlaridan chekinishga majbur qilish mumkin.

Rossiyaning asosiy maqsadi Baxmutni o‘rab olish va bu orqali ko‘proq ukrainlarni asir olish yoki o‘ldirish. Biroq Ukraina armiyasi qurshovda qolgandan chekinishni afzal ko‘rishini jangdagi manyovrlar orqali sezdirgan. Institut ekspertlari Ukraina armiyasining chekinish imkonini qurshovda qolishdan ko‘ra ancha yuqori deb bilishmoqda. Shuningdek, ular Ukraina xohlasa va qattiq harakat qilsa, Baxmutni saqlab qolishi mumkinligini chamalagan.

Ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiya Baxmut yo‘nalishida juda katta yo‘qotishlarga uchramoqda. Tahlilchilar Ukrainada Baxmutdagi ruslarning ko‘proq kuchlarini yo‘qotish istagi mavjud ekaniga ishora qilgan. Ularning fikricha, Ukraina ko‘proq dushmanni o‘ldirish istagi va chekinishga olib keladigan tavakkal o‘rtasidagi balansni topishi kerak.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top