14:10 / 07.03.2023
14321

NATOdagi manba: Rossiyaning Baxmutdagi yo‘qotishlari Ukrainanikidan besh barobar ko‘p

Foto: Getty Images

NATO razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Baxmut shahri uchun janglarda Ukrainaga qaraganda besh barobar ko‘p harbiylaridan ayrilmoqda. Bu haqda CNN muxbiriga Shimoliy Atlantika alyansi harbiy mulozimlaridan biri shaxsi sir qolishi sharti bilan ma’lumot bergan.

Telekanal manbasi ikki tomon yo‘qotishlari to‘g‘risida aniq ma’lumotlarni keltirmagan. Shu bilan birga, u besh baravar farqqa qaramay, Ukrainaning Baxmut mudofaasi davomidagi yo‘qotishlari jiddiy ekanini ta’kidlagan. Yanvar oyida Der Spiegel nemis razvedkasiga asoslangan holda, Ukraina armiyasi har kuni shahar uchun janglarda uch xonali sonda ifodalanadigan miqdorda askar yo‘qotayotganini xabar qilgandi.

CNN Ukrainadagi mulozimlar bir necha bor Baxmut uchun janglar vaqtida Ukraina tomoni Rossiya tomoniga jiddiy zarar yetkazayotganini aytganiga e’tibor qaratgan. Telekanal Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning 5 mart kuni Baxmutni mudofaa qilayotgan qismga tashrifi chog‘ida frontning bu uchastkasida Ukraina qurolli kuchlari «raqibning hujum salohiyatini pasaytirgani» to‘g‘risidagi so‘zlariga e’tibor qaratgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushning 376-kuni yakunlari bo‘yicha yo‘llagan videomurojaatida Baxmut mudofaasini davom ettirish qarorini izohlarkan, shahar «butun urush davomidagi eng katta natijalardan birini berayotgani»ni aytdi.

  • Baxmut uchun og‘ir janglar 2022 yil iyulidan buyon davom etmoqda. Bu yo‘nalishda Rossiya tomonida asosiy kuch sifatida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bo‘lmoqda, uning saflarida sobiq mahbuslar ham jang qilmoqda. 2023 yil mart oyi boshida harbiy kompaniya rahbari Yevgeniy Prigojin Baxmut «amalda qurshab olingani»ni aytgan va Ukraina armiyasiga shaharni tark etishni taklif qilgandi.
  • Volodimir Zelenskiy Ukraina uchun Baxmutni mudofaa qilish muhimligi, ammo bu har qanday qurbonlik evaziga bo‘lmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari frontning bu uchastkasida «bu mantiqqa to‘g‘ri keladigan» vaqtga qadar jang qiladi. Ukraina prezidentining atrofidagilar ukrain armiyasi Baxmutdan «strategik chekinishi» mumkinligini istisno etmagan. Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti ekspertlari mart oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari Baxmutning ayrim hududlaridan qo‘shinlarni olib chiqishga tayyorlanayotgani va ko‘priklarni portlatayotganini aytgandi.
  • 6 mart kuni internetda Ukraina harbiy va siyosiy rahbariyati Baxmut mudofaasini davom ettirish bo‘yicha yakdil fikrga ega emasligi haqida xabar tarqaldi, ammo shu kunning o‘zida Ukraina prezidenti ofisi mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy ham Baxmut uchun janglarni davom ettirish tarafdori ekani haqida bayonot berdi. Bungacha nemis tabloidi Bild manbasi bir necha hafta oldin Zalujniy taktik sabablarga ko‘ra Baxmutni tark etish haqida o‘ylab ko‘rishni tavsiya qilganini xabar qilgandi.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top