15:53 / 08.03.2023
7624

Ukraina «Shimoliy oqim»dagi diversiya haqida: Bu bizning harakatlarimiz emas

Foto: AFP

Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim 2» gaz quvurlari portlashlari ortida Ukraina rasmiylari turgani haqidagi ayblovlarni rad etdi

«Bu bizning harakatlarimiz emas», dedi u Stokholmda Yevropa Ittifoqi mudofaa vazirlari bilan uchrashuvi oldidan. 

Kuni kecha The New York Times gazetasi portlash ortida qandaydir ukrainaparast guruh turishi ehtimoli borligini va bu harakatni Ukraina yoki Rossiya pasportiga ega odamlar amalga oshirgan bo‘lishi mumkinligini yozgandi. 

Avvalroq nemis tergovchilari «Shimoliy oqim»dagi diversiya uchun foydalanilgan kemani aniqlagandi. Bu haqda 7 mart kuni Germaniyaning ARD, SWR telekompaniyalari va haftalik Die Zeit nashri xabar berdi.

Die Zeit nashrining «Izlar Ukrainaga olib boradi» sarlavhasi ostida chop etilgan xabariga ko‘ra, yaxta ikki ukrainalikka tegishli bo‘lgan Polsha kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan. Kema 2022 yil 6 sentabr kuni Sharqiy Germaniyaning Rostok portidan diversiya harakatlari sodir etilgan joyga ketgan. Xuddi shu joyda, portga oldindan avtomashinada olib kelingan operatsiya uchun zarur bo‘lgan yuklar unga ortilgan. Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, ertasi kuni yaxta Germaniyaning Vik-Dars kommunasida, keyin esa - Daniya Kristiansyo oroli yaqinida, Bornholmdan shimoli-sharqda bo‘lgan.

Kema tozalanmagan holatda egasiga qaytarildi – tergovchilar yaxta salonidagi stol ustida portlovchi moddalar izlarini topdi.

Nashrning yozishicha, diversiya guruhi olti kishidan iborat bo‘lgan: kapitan, ikki g‘avvos, ikkita yordamchi va shifokor. Qayiqni ijaraga olish va Yevropa bo‘ylab harakatlanish uchun soxta pasportlardan foydalanilgan. Diversiyaga kim buyurtma bergani hozircha noma’lum.

Top