09:33 / 10.03.2023
5346

Germaniya O‘zbekistonda avtoshinalarni qayta ishlash korxonasi ochmoqchi

O‘zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulligi diplomatlari Germaniyaning Matteco GmbH kompaniyasi rahbari Bernd Kriyeg va Selfus kompaniyasi rahbari Alek Luri bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xususan, shinalarni yig‘ish va utilizatsiya qilish tizimini yaratishga qiziqish bildirishdi.

Selfus kompaniyasi rahbari Alek Luri qayta ishlangan shinalardan  quyosh panellari, pol qoplamalari, tomchilatib sug‘orish shlanglari ostiga o‘rnatish va tuproq eroziyasidan himoya qilish uchun mo‘ljallangan tizimlarning bir qismi sifatida «geogridlar» ishlab chiqarish uchun ishlatilishi mumkinligini bildirdi. Shinalarni yig‘ish va utilizatsiya qilish, qayta ishlangan mahsulotlarni qayta ishlash bo‘yicha to‘liq siklga ega ushbu turdagi qo‘shma korxonaning tashkil etilishi mamlakatimizdagi ekologik vaziyatni yanada yaxshilash imkonini beradi.

Muzokaralar natijasida tomonlar ushbu loyihani O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Matteco GmbH va Selfus kompaniyalari rahbarlari O‘zbekistonning vakolatli idoralari bilan mamlakatimizda chiqindilarni qayta ishlashni yanada rivojlantirish doirasida foydalanilgan shinalarni qayta ishlash uchun integratsiyalashgan texnologiyani joriy etish masalalarini muhokama qilish uchun respublikaga tashrif buyurishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Top