Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda rossiyalik erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 65,5 yoshni tashkil etgan edi. Bu 2014 yildan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkich. O‘sha 2021 yilda — Ukrainada hali keng miqyosli urush boshlanmasdan avval Rossiyada aholining qisqarishi (tug‘ilganlar va o‘lganlar o‘rtasidagi farq) Ikkinchi jahon urushidan buyon jamiki rekordlarni yangiladi — 1 mln 43 ming kishi.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda RFda 1 mln 306 ming 162 chaqaloq dunyoga kelgan, 1 mln 905 ming 778 kishi vafot etgan. Tabiiy kamayish 599 ming 616 kishini tashkil etgan va bu 2021 yilning ko‘rsatkichidan 42,5 foizga kam», — deyiladi Rosstat ma’lumotnomasida.

Absolyut raqamlarda Rossiya Federatsiyasi aholisi 2021 yilda 613 ming kishiga kamaygan, chunki tabiiy qisqarish migratsion o‘sish (430 ming kishi) bilan kompensatsiya qilindi.

Tabiiyki, yanada muhimroq savol o‘rtaga qalqib chiqadi: bir yillik intensiv harbiy harakatlardan so‘ng Rossiya demografiyasi qay ahvolga tushdi? Rosstat Rossiyaning 2022 yilda aholi kamayishi bir muncha qisqarganini ta’kidlamoqda. Uning hisoblarga ko‘ra, aholi «bor-yo‘g‘i» 600 ming kishiga kamaygan.

O‘z-o‘zidan tushunarliki, Putinning rasmiy statistikasi ishonchga sazovor emas. Biroq, 2021 yilgi demografik falokat ko‘rsatkichlarga nisbatan shartli ravishda «xayrliroq» deb atash mumkin bo‘lgan raqamlarni ham u yoki bu darajada mantiqiy tushuntirish mumkin.

Gap shundaki, Rossiya aholisi kamayishi bo‘yicha 2021 yilgi antirekordga COVID-19 ham katta «hissa» qo‘shgandi. Ortiqcha o‘lim ko‘rsatkichlari o‘sha yili mamlakatda 300 mingdan ziyod bo‘lgan. 2020 yilda kamayish 703 ming bo‘lgani hisobga olinsa, 2021 yilda kovid yo‘qotishlari bo‘lmaganda ko‘rsatkich xuddi shunday, 700 ming atrofida bo‘lishi mumkinligi taxmin qilish mumkin, lekin shu ham kam emas. Rossiya aholisining bu darajada ko‘p kamayishi Putin tilga olishni xush ko‘radigan «musibatli 90-yillar»ga xos.

Biroq, Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, keng miqyosda urush olib borilgan 2022 yilda mutlaqo kutilmagan hodisa kuzatilgan: Odatiy tarzda Rossiyada aholi soni qisqarib borayotganini ko‘rsatib turuvchi son 600 minggacha pasayibdi.