16:32 / 14.03.2023
11676

“Star Med” faoliyatini davom ettirayotgani ma’lum bo‘ldi. SSV klinika vaqtincha yopilganini aytgandi

Vazirlik klinika faoliyatini to‘xtatmagani, faqatgina bu haqda ogohlantirish xati chiqargani ma’lum bo‘ldi. Klinika yuristi litsenziyani faqat sud bekor qila olishga haqli ekanini bildirdi. Ikkita o‘lim holati kuzatilgani aytilayotgan xususiy shifoxona faoliyatini odatdagi tartibda davom ettirmoqda.

Foto: Kun.uz

Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Jaloliddin Asomiddinov 11 mart kuni Kun.uz'ga vayner Farhod Mannopovning vafoti yuzasidan tekshiruvlar olib borilayotgani sababli Star Med klinikasi faoliyati “vaqtincha to‘xtatilgani”ni aytgandi. Lekin Star Med klinikasi 12 mart kuni bu xabarni rad etib chiqdi.

Star Med'ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilingan bayonotda klinika yopilgani haqidagi ma’lumot asossiz ekani ta’kidlanib, mijozlardan bu gap-so‘zlarga ishonmaslik so‘raladi.

“Star Med klinikasi o‘z faoliyatini to‘xtatgani yo‘q.️ Klinika mutaxassislari, statsionar va barcha diagnostik bo‘limlarimiz o‘z ishlarini har doimgi ish tartibi bo‘yicha davom ettirishmoqda”, deyiladi xabarda.

Klinika bir kun ham faoliyatini to‘xtatmagan

13 mart kuni holatga aniqlik kiritish uchun Star Med'ga borgan Qalampir.uz nashri muxbiri klinika odatdagi tartibda ish faoliyatini davom ettirayotganiga guvoh bo‘lgan. Jurnalist bilan suhbatda o‘zini klinika advokati deb tanishtirgan shaxs litsenziya faqat sud orqali bekor bo‘lishi, ekspertiza natijasi chiqmay turib Star Med faoliyatiga to‘sqinlik qilishga hech kimning haqqi yo‘qligi, shu bois klinika bir kun ham faoliyatini to‘xtatmaganini aytgan.

Star Med klinikasi direktori jurnalistlar guvohligida SSV boshqarma boshlig‘i Jaloliddin Asomiddinov bilan telefonda gaplashgan. Vazirlik mulozimi klinikaning litsenziyasini vaqtinchalik to‘xtatib turish haqida Adliya vazirligi tizimi orqali ogohlantirish xati chiqarilganini ma’lum qilgan. Biroq klinika rahbari bu xat ularga yetib bormaganini bildirgan.

Topilmayotgan xat qayerda?

Adliya vazirligi Kun.uz savoliga javoban chindan ham elektron tizimi orqali xat kiritilganini tasdiqladi.

“SSV “Lisenziya” tizimi orqali Star Med klinikasini vaqtincha yopish haqidagi ogohlantirish xatini kiritgan”, deyiladi Kun.uz'ga taqdim etilgan adliya axborotida.

Ma’lum bo‘lishicha, bu xat Star Med klinikasiga an’anaviy pochta tizimi orqali yuborilmaydi. Xat bilan yuridik shaxsning litsenziya axborot tizimidagi kabinetida tanishish mumkin.

Kun.uz SSV tomonidan ogohlantirish xati yuborilganiga qaramay nima uchun Star Med klinikasi haligacha faoliyatini davom ettirayotgani yuzasidan izoh olish maqsadida Jaloliddin Asomiddinov bilan bog‘landi. SSV boshqarma boshlig‘i tez orada vaziyat yuzasidan vazirlikning rasmiy munosabati e’lon qilinishini bildirdi.

Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, klinika faoliyati to‘xtatilgani haqida xabar bergan mutasaddilar bu ma’lumot qanchalik haqiqatga to‘g‘ri kelishi yoki ogohlantirish xati o‘z vaqtida yetib borgan-bormagani bilan qiziqmagan. Ogohlantirish xati chiqarilgan, xususiy klinika faoliyatini davom ettirmoqda, Star Med huquqlarini himoya qiluvchi shaxs litsenziya faqat sud qarori bilan bekor qilinishini aytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Asomiddinov 5 mart kuni vafot etgan mashhur blogerga rinoseptoplastika amaliyoti uchun endotraxeal narkoz berilgani, biroq operatsiya davrida marhumning ahvoli to‘satdan yomonlashib, olib borilgan intensiv va reanimatsion davo choralariga qaramay vafot etganini ma’lum qilgandi.

Mittivine taxallusi bilan ijod qilgan Farhod Mannopov o‘limidan bir necha kun avval cho‘milayotganda boshini basseyn devoriga qattiq urib olib, burni singan, shundan so‘ng operatsiya stoliga yotgan vayner komaga tushib qolib, vafot etgandi.

6 mart kuni vaynerning vafoti yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi ochilgani ma’lum qilindi.

Chilonzor tumani prokuraturasi katta tergovchisi Otabek Bekiyevga ko‘ra, ish kasb yoki xizmat vazifasini lozim darajada bajarilmaganiga oydinlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga shifokorlarning harakati yuzasidan xizmat tekshiruvlari, bundan tashqari, marhumning vafoti yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Holatni tergov qilayotgan tergovchi Kun.uz'ga Farhod Mannopov operatsiya qilingan klinikada boshqa o‘lim holatlari ham kuzatilganini inkor etmagandi.

Xorijda faoliyat yuritayotgan anesteziolog-reanimatolog Jahongir Jo‘rayev Kun.uz bilan suhbatda o‘limga narkozning ko‘p miqdorda berilishi sabab bo‘lgani haqidagi gap-so‘zlarni rad etib, o‘lim anezteziyada ishlatiladigan ayrim dorilar natijasida kuzatiladigan «Malignant hyperthermia» holati tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Top