18:41 / 16.03.2023
30891

Pentagon Qora dengizda AQSh droni qulashi aks etgan videoni namoyish qildi

Foto: Videodan kadr

Videolavhada Rossiya qiruvchi samolyoti dron oldiga yonilg‘i tashlab ketayotganini ko‘rish mumkin. Qo‘shma Shtatlar rossiyalik uchuvchilarni xavfli va noprofessional harakatda aybladi.

16 mart, payshanba kuni AQSh qurolli kuchlarining Yevropadagi qo‘mondonligi 14 mart kuni Qora dengizda halokatga uchragan Amerikaning MQ-9 Reaper uchuvchisiz uchog‘i haqidagi maxfiy videoni e’lon qildi. Qo‘mondonlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning ikki Su-27 qiruvchisi Qora dengiz ustidagi xalqaro havo hududida bo‘lgan AQSh harbiy-havo kuchlarining razvedkachi uchuvchisiz uchog‘ini «xavfsiz va noprofessional» tarzda tutib olgan.

AQSh versiyasiga ko‘ra, qiruvchilardan biri ikki marta dron oldiga yonilg‘i tashlab o‘tgan, so‘ng dronga urilgan va uning vintlaridan biriga zarar yetkazgan. Shundan so‘ng, ta’kidlanganidek, AQSh harbiy-havo kuchlari shikastlangan dronni suvga cho‘ktirishga majbur bo‘lgan. AQSh Davlat departamenti avvalroq Rossiya samolyotining Amerika uchuvchisiz uchog‘i bilan to‘qnashuvi «rossiyalik uchuvchilarning malakasizligi» natijasida beixtiyor ro‘y bergani haqida fikr bildirgan edi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi uchuvchisiz uchoq halokatga uchraganini tasdiqladi, biroq to‘qnashuv haqida xabar bermadi. Vazirlik rahbari Sergey Shoyguning aytishicha, hodisaga AQSh «maxsus operatsiya» tufayli Rossiya tomonidan belgilangan parvozlarni cheklash zonasiga amal qilmayotgani sabab bo‘lgan. Kreml samolyot va dron o‘rtasida «jismoniy aloqa» bo‘lmaganini da’vo qildi. 

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning aytishicha, Rossiya Qora dengiz tubidan uchuvchisiz uchoq qoldiqlarini olishga harakat qiladi. Amerikaning ABC News telekompaniyasi manbalariga ko‘ra, rus harbiylari ularni allaqachon qo‘lga kiritishgan. Dronning qaysi qismlari suv ostidan olib chiqilgani noma’lum. 

Vashington Qo‘shma Shtatlar dronni himoya qilish choralarini ko‘rganini ma’lum qildi. CNN manbalarining ta’kidlashicha, barcha maxfiy ma’lumotlar drondan masofaviy tarzda o‘chirib yuborilgan. 

Top