22:43 / 16.03.2023
5516

«Oiladagi zo‘ravonlikni qonunan jinoyat deb e’tirof etish sari qat’iy bormoqdamiz va bu muhim qadam bo‘yicha pozitsiyamiz o‘zgarmaydi» - Tanzila Norboyeva

Senat raisi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida xalqaro tamoyillarni ta’minlayotgani bilan bir qatorda konstitutsiyaviy islohotlar ham muhokama qilindi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

15 mart kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda O‘zbekistonda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar bilan bog‘liq muhim siyosiy-huquqiy jarayonlar xususida ma’lumot berib o‘tildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi ikki bosqichda xalqning fikr-mulohazalari, takliflari o‘rganilib, aholining barcha qatlamlari, keng jamoatchilik ishtirokida umumxalq muhokamasi orqali tayyorlangani aytib o‘tildi. 

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi chog‘ida jami 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgani, har to‘rtinchi taklif loyihada o‘z aksini topgani, muhimi, yangilangan konstitutsiyaning asosiy qismini aynan inson huquqlari va erkinliklariga oid normalar tashkil etgani ta’kidlandi. 

Bundan tashqari, Senatning navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida»gi qaror qabul qilinib, unga ko‘ra referendum 2023 yil 30 aprel kuniga tayinlangani aytib o‘tildi. 

Muloqot chog‘ida BMT inson huquqlari bo‘yicha shartnomaviy organlari orqali mamlakatning xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishda parlamentning rolini oshirish yuzasidan hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi. 

Folker Tyurk O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash borasida erishilgan natijalarni va hozirda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, Oliy komissar mojaro zonalaridan o‘zbekistonlik ayollar va bolalarni qaytarish, ularni jamiyatga reintegratsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlariga yuksak baho berib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘plab davlatlar uchun namuna ekanini ta’kidlab o‘tdi. 

O‘z navbatida Oliy Majlis Senati raisi o‘z so‘zida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan konstruktiv aloqalarni yanada kengaytirish, bunda parlament a’zolarining inson huquqlari sohasidagi salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan o‘zaro muloqotning manfaatli ekanini bildirdi. 

Shuningdek, Oliy Majlis Senati raisi «O‘zbekiston inson huquqlari sohasida xalqaro tamoyillarga sodiq bo‘lib, o‘z qonunchiligini xalqaro standartlarga izchil muvofiqlashtirib bormoqda. Bu jarayonda halqaro tashkilotlarning gender zo‘ravonlikka barham berishga oid tavsiyalari alohida diqqatimiz markazidadir. Hozirda O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlikni kriminalizatsiyalash sari qat’iy bormoqdamiz va bu muhim qadam bo‘yicha pozitsiyamiz o‘zgarmaydi», deb ta’kidladi. 

Suhbat chog‘ida xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish, ijtimoiy-inklyuziv muhit va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. 

Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida jamiyatda inson huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish mexanizmlarini ishga solishga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi. 

Top