09:37 / 16.03.2023
5062

Shvetsiya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga tezlashtirilgan tartibda qo‘shilishiga qarshi chiqdi

Yevropa Kengashiga raislik qilayotgan Shvetsiya Kiyevning Bryussel talablarini bajarishdagi muvaffaqiyatini qayd etadi, biroq zarur qoidalarga rioya qilishni so‘raydi, deb ma’lum qildi Berlinda bosh vazir Ulf Kristersson.

Foto: Reuters

Shvetsiya hukumati Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha qisqartirilgan tartib-qoidaga qarshi, deya ma’lum qildi 15 mart, seshanba kuni Berlinga tashrifi chog‘ida Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson. Ukraina YeI talablarini bajarishda ta’sirchan muvaffaqiyatlar ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, nomzod davlat uni YeIga a’zo bo‘lish uchun zarur bo‘lgan barcha shartlarga javob berishi kerakligi haqidagi qoidani hurmat qilish muhim, deya tushuntirdi Kristersson Germaniya kansleri Olaf Shols bilan suhbatdan so‘ng. Shu bilan birga, Ukraina islohotlarni davom ettirishi uchun Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha «haqiqiy umid» berish muhim, dedi joriy yilning birinchi yarmida Yevropa Kengashiga raislik qilayotgan Shvetsiya hukumati rahbari. 

Shu bilan birga, Stokholm Shvetsiyaning Finlandiya bilan bir vaqtda NATOga qabul qilinishini ehtimol yiroq holat deb hisoblayapti. So‘nggi haftalarda Turkiya Finlandiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishi haqidagi kelishuvni Shvetsiya bilan tuzilgan shunga o‘xshash kelishuvdan oldinroq ratifikatsiya qilishi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi, dedi Ulf Kristersson. «Biz bu vaziyatga tayyormiz», dedi u va Stokholm uchun hali ham Finlandiya bilan bir vaqtda NATOga a’zo bo‘lish muhim ekanligini ta’kidladi.

Shols, o‘z navbatida, Berlin ikkala Skandinaviya davlatining ham tez orada alyansga a’zo bo‘lishini istashini ta’kidladi. «Bu Shvetsiya uchun foydali, NATO va so‘nggi oylarda o‘z ahamiyatini yana bir bor yangicha ko‘rinishda namoyon etgan koalitsiyamiz uchun foydali», — deya qo‘shimcha qildi Germaniya kansleri.

Ukraina 2022 yilda YeI a’zoligiga nomzod maqomini oldi. Shundan so‘ng Kiyev mamlakatning maqsadi 2023 yildayoq Yevroittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash ekanligini ma’lum qildi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, Shvetsiya va Finlandiya NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilishdi va may oyida birgalikda a’zolik uchun ariza berishdi. Bugungi kunga qadar ushbu arizalar Shimoliy Atlantika alyansining Turkiya va Vengriyadan tashqari barcha mamlakatlari tomonidan tasdiqlangan. Turkiyaning Stokholmdagi elchixonasi yaqinida Qur’on yoqib yuborilgan ekstremistik aksiyadan so‘ng Anqaraning Shvetsiyaga nisbatan pozitsiyasi keskinlashdi.

Mavzuga oid
Top