Tbilisidagi namoyishchilar g‘alabani nishonlamoqda: chet el agentlari to‘g‘risidagi mojaroli qonun loyihasi parlamentdan chaqirib olindi. Foto: Konstantin Volkov/news.ru

«Gurjistoncha Maydan». Chet el agentlari to‘g‘risidagi qonun tufayli Tbilisida alangalagan va o‘z niyatiga yetgan noroziliklar shunday ataldi. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi mamlakatda so‘z erkinligini cheklovchi mojaroli qonunni chaqirib oldi. Biroq hukumat niyatidan to‘liq chekingani yo‘q, xalq tinchlanishi bilan qonun loyihasiga yana qaytishni va’da qilmoqda.

Chet el agentlari to‘g‘risidagi tashabbus nega kerak bo‘lib qoldi, nega Gurjiston hukumatini Kreml bilan aloqalarda ayblashmoqda, sobiq prezident Mixail Saakashvili ozodlikka chiqariladimi? Gurjiston jamoatchilik ishlari institutining xalqaro munosabatlar maktabi rahbari va siyosatshunos Tornike Sharashenidze shu savollarga javob berdi. U Gurjiston milliy xavfsizlik Kengashining sobiq tahlilchisi, Gurjiston bosh vazirining tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi bo‘lib ishlagan.

— Namoyishlar tugadi, odamlar o‘z niyatiga yetdi, deyish mumkinmi?

— Ha, qonun loyihasi chaqirib olindi. Namoyishchilar o‘z niyatiga yetishdi. Menimcha, shu bilan namoyishlar tugadi. Noroziliklarni hukumatni iste’foga chiqarish talabiga aylantirmoqchi bo‘lganlar ham topilishi mumkin. Lekin ular katta yutuqqa erisha olmaydi. Birinchidan, chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunga qarshi turgan talabalar hukumatni ag‘darishga chiqmaydi. Ikkinchidan, hukmron partiya pozitsiyalari biroz tebrangan bo‘lsa-da, hali muxolifat kuchaygani yo‘q. Ya’ni «Gurjiston orzusi» mashhurligining pasayishi muxolifatidagi «Yagona milliy harakat» kuchayishini anglatmaydi.

— Umuman, ro‘y bergan noroziliklar — bu xalq g‘alayoni va uning ortida hech qanday muxolifat turgani yo‘qmi?

— Albatta turgani yo‘q! Xalq o‘zi chiqdi. Ayniqsa yoshlar. Hech qanaqa tashkilotchi, hech qanaqa muxolifat bosh bo‘lgani yo‘q. Bu o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan norozilik.

— Hukumat hujjatni vaqtinchalik qaytarib olgani, xalq tinchlangach yana unga qaytishini aytdi. Odamlarni chet el agentlari to‘g‘risidagi qonun zaruriyatiga ishontirsa bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi?

— Aytish qiyin, lekin bir narsada ishonchim komil. Qonunning qaytarib olinishiga Moskva qanday reaksiya bildirganiga qarab, u parlamentga Kreml tomonidan bosim yo tahdid tufayli kiritilganiga qariyb 100 foiz ishonaman. Aks holda, hukmron partiya hujjatni bu qadar faol lobbi qilishini tushunish qiyin.