07:33 / 20.03.2023
7856

Qozog‘iston parlamentiga 6 ta partiya kiryapti

Qozog‘istonda hukmron «Amanat» partiyasi parlament saylovlarida yetakchilik qilmoqda. Ekzit-poll natijalariga ko‘ra, u 53 foizdan ko‘proq ovoz to‘plagan. «Auyl» partiyasi 10 foizdan ko‘proq ovozga ega, «Respublika» partiyasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Foto: kazinform

Ekzit-poll natijalariga ko‘ra, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovlarida hukmron «Amanat» partiyasi (ilgari – sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning «Nur Otan» partiyasi) yetakchilik qilmoqda. 19 mart, yakshanba kuni kechqurun Yevrosiyo integratsiyasi instituti ma’lum qilishicha, u 53,46 foiz ovoz to‘plagan. Ekzit-poll natijalariga ko‘ra, ikkinchi o‘rinni 10,52 foiz ovoz bilan «Auyl» vatanparvarlar partiyasi, uchinchi o‘rinni 8,90 foiz ovoz olgan «Respublika» partiyasi egalladi, deb xabar berdi institut vakili Aygerim Yerginbolat respublika telekanali efirida.

Bundan tashqari, «Aq Jol» partiyasi (7,87 foiz ovoz), Qozog‘iston Xalq partiyasi (6,25 foiz ovoz) va Umumxalq sotsial-demokratik partiyasi (USDP, 5,31 foiz ovoz) besh foizlik to‘siqdan o‘tdi.

O‘z navbatida, «Demokratiya instituti» tadqiqot birlashmasi o‘zining ekzit-poll ma’lumotlarini shunday ovoz taqsimoti bilan ma’lum qildi: «Amanat» – 53,33 foiz, «Auyl» – 11,26 foiz, «Aq Jol» – 8,87 foiz, «Respublika» - 8,33 foiz, «Qozog‘iston Xalq partiyasi» - 6,93 foiz, USDP - 5,12 foiz.

Shu tariqa, parlamentga olti partiya kirishi kutilmoqda, hozircha parlamentda faqat uchta hukumatparast partiyalar vakillik qilgan. Saylovda ovoz beruvchilarning 54 foizdan ortig‘i ishtirok etdi.

Qozog‘istondagi saylovlarda muxolifatchilar qariyb 20 yil ichida birinchi marta mustaqil nomzod sifatida qatnashdi. Ularda mamlakatdagi rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan yettita siyosiy partiyaning barchasi ishtirok etdi. Poygada shu paytgacha vakillik qilgan «Amanat», «Aq Jol» va Qozog‘iston Xalq partiyasi (QXP) partiyalaridan tashqari «Auyl» va USDP, shuningdek, yaqinda ro‘yxatdan o‘tgan «Baytak» va «Respublika» partiyalari ham ishtirok etishdi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2022 yil boshida hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar va tartibsizliklardan so‘ng boshlagan modernizatsiya jarayonining bir qismi sifatida yanvar oyida navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazilishini e’lon qildi.

Mavzuga oid
Top