18:15 / 24.03.2023
17601

1200 ta qozon, 12 ming vagon ko‘mir. Issiqxonachilarni qanday muammolar kutmoqda?

O‘zbekistonda qariyb 2500 gektar issiqxona ko‘mirga o‘tkazilmoqda. Taxminan 150 mln dollarga tushadigan bu tadbir ko‘plab issiqxonalar yopilishiga, ichki bozorlarda ayrim mahsulotlar taqchilligiga yoki narxi keskin oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda umumiy maydoni 2466,2 gektar bo‘lgan 1145 ta issiqxonani gazdan ko‘mirga o‘tkazish belgilangan. Bu tadbirni amalga oshirishga qancha mablag‘ va vaqt kerak bo‘ladi? Qolaversa, bu borada qanday muammolar yuzaga chiqishi mumkin?

12 ming vagon ko‘mir

1 gektar zamonaviy issiqxona (balandligi 5-5,5 metr, isitish qozonlari kamxarj, zamonaviy bo‘lgan taqdirda) kuniga taxminan 2,5-3 tonna ko‘mir sarflaydi. Sovuq va shimoliy hududlarda bundan ham ko‘proq sarf qilinadi. Qish mavsumini o‘rtacha 120 kun (oktyabrning o‘rtasidan mart oxirigacha) deb olsak, bir yilga 740 ming tonna ko‘mir kerak bo‘ladi degani. Bir vagonga 62 tonna ko‘mir ketishini hisobga olsak, bu 11 935 ta vagon bo‘ladi. Buncha ko‘mirni avval mamlakatga, keyin viloyatlarga va issiqxonalarga yetkazish muammosi mavjud.

1 tonna ko‘mirning O‘zbekistonga kirib kelishi 60 dollarga tushadi. Issiqxonalarga yetadigan ko‘mir importi uchun taxminan 44 mln dollar sarflash kerak bo‘ladi.

110 mln dollarlik qozonlar

Ko‘mir qozonlari gaz qozonlariga qaraganda murakkabroq va kattaroq bo‘lgani sababli 2 gektarga 1 ta qozon qo‘yish mumkin. Demak, 2466 gektar issiqxonaga taxminan 1200 donadan ortiq qozon kerak bo‘ladi. Agar rejalashtirilgan qozonlar zamonaviy, kamxarj va atrof-muhitga kam chiqindi chiqaruvchi, ya’ni filtrli bo‘lishini xohlasak, har bir gektarga qozon uchun taxminan 45-50 ming dollar sarflash kerak bo‘ladi. Bu o‘rtacha 110 mln dollar degani.

Qozonlarni almashtirish uchun issiqxonachilarda 7 oy vaqt qoldi. Bu vaqt ichida qozonlar puli to‘lanib, buyurtma berilishi, ishlab chiqarilishi, yetkazib berilishi va eski qozonlar yechilib o‘rniga o‘rnatilishi lozim

Zamonaviy qozonlarni ishlab chiqaradigan korxonalar kam, sohaga kerakli bo‘lgan 1200 dona qozonni topish, sotib olish yetarlicha muammo tug‘diradi. Masalan, 2 gektarga mo‘ljallangan, 4 mln kilokaloriyalik Ijan (Turkiya) qozonlari 15 daraja sovuqda soatiga 600 kggacha ko‘mir sarflaydi. Ushbu firmaning yillik ishlab chiqarish quvvati – 25-35 dona qozon.

Ko‘mirning turi va sifatiga qarab 5 foizdan 20 foizgacha chiqindi chiqadi. Demak, 740 000 tonna ko‘mirdan 37 mingdan 148 ming tonnagacha chiqindi chiqadi. Ularni utilizatsiya qilish masalasi ham bor. Qolaversa, ko‘mirdan chiqqan chiqindilarning issiqxona ustki qoplamalariga ta’siri mahsulotning sifatiga va hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish uchun ish kuchi (ko‘mir tashuvchi), ko‘mir ombori, chiqindi ombori kabi qo‘shimcha resurslar ham kerak bo‘ladi.

“Niqob taqadigan” ekologiya

Ko‘mir dunyoda insoniyat foydalanadigan yoqilg‘ilar ichida tabiatni eng ko‘p ifloslovchi hisoblanadi. Statistikaga ko‘ra, 1 daraja ko‘tarilgan global isishning 0,3 darajasi ko‘mir hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘mirdan atmosferaga chiqayotgan SO2 hajmi ko‘payadi. 2021 yilda dunyodagi CO2'ning 40 foiziga ko‘mir yoqilishi sabab bo‘lgan. Ko‘mirdan tarqaladigan zaharlar uni qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda atrof-muhit, havo, tuproq va suvni ifloslaydi.

1147 ta issiqxonaning ko‘mirga o‘tkazilishi atrofdagi aholi punktlarida yashovchi fuqarolarning e’tiroziga sabab bo‘ladi. Taxmin qilish mumkinki, aholi punktlariga yaqin issiqxonalar yopiladi.

Ochiq qolayotgan savollar

Issiqxonalarning gaz yoqilg‘isidan ko‘mirga o‘tkazilishi quyidagi qator savollarni yuzaga chiqarmoqda:

  • taxminan 750 ming tonna ko‘mirni qaysi tashkilot qanday yo‘l bilan yetkazib beradi? Temiryo‘l yuk tashish quvvati yetadimi?
  • 1200 dona ko‘mir qozonini kim va qayerda ishlab chiqadi hamda qancha muddatda ularni yetkazib beradi? Qozonlarni sotib olish uchun zarur bo‘lgan 110 mln dollar mablag‘ kim tomonidan, qancha vaqtda va qanaqa shartlarda ajratiladi? Qolaversa, ishlatilgan, taxminan 50-60 mln dollarlik gaz qozonlarining taqdiri nima bo‘ladi?
  • Birdaniga talabning oshishi oqibatida qozon, ko‘mir, ularning logistikasiga bo‘lgan narxlar ko‘tarilishining oldi qanday olinadi?
  • Mahsulot sifati va miqdorining pasayishi oqibatida ichki va tashqi bozordagi yo‘qotishlar o‘rni qanday qoplanadi?
  • Ko‘mir yetkazish bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lganda issiqxonalar qanday alternativ yoqilg‘iga o‘tadi?

Mazkur savollarga mas’ullar tomonidan aniq va ishonarli javob berilmas ekan, issiqxonachilar tavakkalchilikka qo‘l urishmaydi.

Bu 1147 ta issiqxonaning katta qismi yopilib ketish xavfini yuzaga keltirmoqda. Mazkur xavf muammolar zanjiri sifatida ichki bozorlarda ayrim mahsulotlar taqchilligiga hamda narxining oshib ketishiga olib keladi.

Shokir Sharipov,
jurnalist.
Abdurahim Abduvaliyev,
Meva-sabzavotchilik milliy assotsiatsiyasi rahbari.

Top