13:08 / 07.04.2023
20130

Nega Toshkent havosi bunchalik iflos? | Ekspertlar bilan intervyu

Bugun Toshkentda havo yaxshi. Kecha yog‘ib o‘tgan bir necha soatlik yomg‘irdan keyin changlar ancha bosilgan, shuningdek, daraxtlar ham barg yozib qolgan. Olayotgan nafasingiz sizni behuzur qilmaydi. Ammo bu yuqorida aytilganidek, yomg‘irli kundan keyingi va bir necha kungina saqlanib qoladigan havo. Odatda esa Toshkent havosi ancha yomonlashib ketgan.

Kunlar biroz isishi, yog‘ingarchilik kamayishi bilan tezda sezasizki, poytaxtda havo, uning tarkibi, undagi qandaydir yoqimsiz hidlar sizni behuzur qilishni boshlaydi. Chang ko‘rsatkichi ham juda yuqori.

Bu o‘z o‘rnida havo sifatini tahlil qilib boruvchi turli reytinglarda ham aks etmoqda. Jumladan, Toshkent muntazam ravishda havosi eng iflos shaharlar qatorida qayd etib kelinmoqda.

Kun.uz muxbiri yana Toshkent havosi masalasiga qaytib, poytaxt havosini nima bunchalik ifloslantirayotgani va uni o‘nglash mumkinmi o‘zi degan savolga ekspertlar ishtirokida javob izladi.

Intervyu mehmonlari iqlimshunos Erkin Abdulahatov va ekologiya sohasi eksperti Farrux Sattarov bo‘ldi.

Erkin aka, Farrux aka, mavzumiz poytaxtda havo sifati masalasi. Ochig‘ini aytganda, bu masala haqida qancha gapirilmasin, shu paytga qadar na bir vazirlik, na bir partiya va na bir qo‘mita mas’uliyatni zimmasiga olib, tushuntirish, ma’lumot bergani yo‘q.

Jamiyat Toshkent havosi bo‘yicha dunyodagi eng iflos shaharlardan biri ekani-yu, bunga ko‘pda qurilishlar sabab bo‘layotgani haqidagi ma’lumotdan boshqasiga ega emas.

Ayting-chi, Toshkent havosi nega bunchalik iflos o‘zi? Bu ifloslikning manbasi, tarkibi, kimyoviy tarkibi nimalardan iborat o‘zi? Zavodlarmi, avtomobillarmi, qurilishmi, nima?

 Farrux Sattorov:

— Bu savolga aniq javob berish uchun ilmiy izlanish olib borish kerak. Lekin shaxsiy tajribamdan kelib chiqib javob beraman. Eng ko‘p aytilgan muammolardan biri — Toshkent shahridagi qurilishlar. Qurilish deganda, faqat o‘sha bo‘layotgan maydondagi chang-to‘zonmas, butun qurilish infratuzilmasidagi, ya’ni qurilish materiallari ishlab chiqarishdan transportgacha.

Masalan, qurilish maydoni olingach, u yerda tuproq ishlari olib boriladi. Ekologiya tashkilotlarining me’yoriy hujjatlarida qurilishda tuproq ishlari olib borilayotganda changlanishning oldini olish kerak, deb yozib qo‘yilgan. Afsuski, bu talab tadbirkorlar tomonidan bajarilmaydi. Men haligacha ko‘rmadim amal qilingan vaziyatni. Bundan tashqari, qurilish materiallarini tashishda, qurilish maydonidagi loy-tuproqni o‘ziga olgan yuk mashinalari umum foydalaniluvchi yo‘llarga chiqishi kabi omillar ham bor. Shu orqali ham necha tonnalab chang-tuproq shaharga kirib keladi. Yana bir omil qurilish materiallarini ishlab chiqishga qo‘yiladigan talablar buzilishi. Masalan, g‘isht ishlab chiqarilishida. Toshkent viloyatida 200 tacha g‘isht zavodi bo‘lsa kerak. Zavodlarga tuproq qazib olish uchun yer ajratiladi. O‘sha yerlarda tuproq kovlab olish ishlari olib boriladi. Ekologiya tashkilotlarining me’yoriy hujjatlarida bunday joylarni rekultivatsiya qilish belgilab qo‘yilgan. Bizning tadbirkorlar firmani yopyapti va yangidan ochyapti, o‘z-o‘zidan rekultivatsiya masalasi eski firma zimmasida qolib ketyapti. Bu degani o‘sha joylar ochiqligicha chang ko‘tariladigan bo‘lib qolib ketyapti. Bu narsalarning oldini olish uchun tadbirkorlarning mas’uliyatini oshirish kerak.

Aytganimizdek, yuk mashinalari muammosi ham asosiylaridan biri. To‘g‘ri, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida qaror bor. Lekin ular bu qoidalarga qanchalik amal qilyapti, degan savol ham bor.

Ifloslangan havo tarkibida asosan muallaq moddalar bor: chang, azot dioksidi, oltingugurt dioksidi kabilar.

Erkin Abdulahatov:

— Antropogen omillar oqibatida ifloslanish masalasini oladigan bo‘lsak, 85 foizi avtomobillarga to‘g‘ri keladi, deyiladi. Lekin Toshkentda bu ko‘rsatkich 85 foiz emas, menimcha. Chunki aynida havo toza bo‘lib turgan holatda ham avtomobillar harakatlanib turibdi. Demak, bizdagi ifloslanishning asosiy manbalari tabiiy holatlarga to‘g‘ri keladi, ya’ni yuqorida Farrux aka aytib o‘tgan omillar. Sug‘oriladigan maydonlar qisqarishi, qurg‘oqchilik kabi holatlar ham bor.

2010-2015 yillarda ilmiy o‘rganish bo‘lgan ekan bu borada ham. Sovuq mavsumda Toshkent shahriga asosan sharqdagi sanoatlashgan shaharlardan (M: Olmaliq, Ohangaron, Chirchiq) kirib kelar ekan. Yoz oylarida esa g‘arbdan kirib keluvchi changli havo oqimi (pm 2,5, pm 10 zarrachalar) ifloslanishga sabab bo‘lishi o‘rganilgan. Asosan Qozog‘istonning cho‘llashishi oqibatida paydo bo‘lyapti bular. Ya’ni qancha qurg‘oqchilik bo‘lsa, ifloslanish darajasi ham oshib boraveradi. Masalan, 2021 yildagi qurg‘oqchilik sabab so‘nggi 10 yildagi eng havosi iflos shaharlar ichida 18 o‘ringa ko‘tarilgan. Oxirgi 8 yil davomida Toshkent shahri havo iflosligi bo‘yicha reytingda 18-27 o‘rinlar oralig‘ida tebranib turibdi. Hozir aynan mana shu masala bo‘yicha ilmiy ishlar boshlangan. Ya’ni Toshkent shahrini ifloslantirayotgan asosiy omil antropogen omillarmi yoki tabiiy omillarmi, degan savolga javob izlanyapti. Bu jarayonda iflos changlar, moddalar tarkibi o‘rganilib, manba topiladi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid
Top