Toshkent xalqaro aeroportida yangi uchib ketish zali ochildi – foto
Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportni rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida maydoni 2,5 ming kvadrat metrdan ko‘proq bo‘lgan uchib ketish terminali foydalanishga topshirildi. Terminal oldidan panjaralar olib tashlangan, endi avtomobillar aeroport yonigacha kira oladi.
Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportni rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida xalqaro aviaqatnovlar terminalining maydoni 45 ming kvadrat metrdan 65 ming kvadrat metrgacha kengaytirildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” AJ o‘tkazgan press-turda ma’lum qilindi.
Obektni avtomobillar turar joyi tomon surish orqali kengaytirishga erishilgan. Shu munosabat uchib ketish terminali oldidan panjaralar olib tashlanib, transport vositalarining bino yonigacha kirish imkoniyati yaratilgan.
Ma’lumot uchun, terminalga kirish yo‘lagiga YHXX tizimlari bilan integratsiyalashgan yo‘l kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, tizim avtomatik ravishda ishlaydi. Ya’ni kirish liniyasida ruxsat etilgan to‘xtash vaqtidan oshib ketgan avtomobil egalariga avtomatik ravishda jarima bildirishnomasi yuboriladi. Hozirda terminalda to‘xtab turish vaqti barcha yengil avtomobillar, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar uchun 10 daqiqagacha deb belgilangan.
Uchib ketish terminalining o‘zida maydoni 2,5 ming kvadrat metrdan ortiq zal qurilib, foydalanishga topshirildi. Unga kiraverishda yo‘lovchilar va kuzatuvchilar uchun dastlabki tekshiruv tashkil etilgan. Bunda odamlar bagajlarini skanerga joylashtirishlari va arkali metall detektordan o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Zalda 40 ta: umumiy zalda 37 ta, SIP zalida 2 ta va VIP zalda 1 ta ro‘yxatga olish peshtaxtasi mavjud. Ba’zi xizmatlardan, xususan, bagajni qadoqlash, sim-kartalarni sotib olish, bankomat xizmatlari, zaryadlash stansiyalari va vending avtomatlaridan foydalanish mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish joyiga chiqish uchun ushbu zonada lift, zina va eskalator (travalator) o‘rnatilgan. Shular orqali tepa qavatga chiqib olish mumkin.
Shuningdek, qurilish doirasida reysiga kechikayotgan yo‘lovchilarni tezda topish uchun “Pax Track” tizimi o‘rnatilgan. Hozirda sinov tariqasida ishlayotgan bu turniket ro‘yxatdan o‘tish joyidan so‘ng o‘rnatilgan. Unda yo‘lovchi bortga chiqish talonini, xodim esa o‘z ruxsatnomasini skanerlashi kerak bo‘ladi.
Bu orqali kechikayotgan yo‘lovchini bortga chaqirishda aeroport xodimlari tizimdan uning qaysi sektorda ekanini, ro‘yxatdan o‘tgandan keyin “steril” zonaga kirgan-kirmaganini bilishi mumkin.
Yana nimalar qilinadi?
Mas’ullarga ko‘ra, xalqaro terminalni kengaytirish loyihasi 2025 yil oxirigacha davom etadi. Ishlar davomida shu yil sentabr oyida boshlanadigan rekonstruksiyaning yakuniy bosqichida uchib kelish va uchib ketish zallari bitta terminalga birlashtirilishi, maydoni yuqoridagining hisobi bilan 105 ming kvadrat metr bo‘lishi, yo‘lovchilarni o‘tkazish qobiliyati soatiga hozirgi 1 200 nafardan 2 400 nafarga oshishi kutilmoqda. Kutib oluvchilar uchun esa 4 000 kvadrat metrga yaqin maydon ajratilishi ham mumkin.
Bundan tashqari, keyinchalik uchib ketish terminalining ikkinchi qavatida shaharga qaraydigan salkam 2 200 kvadrat metrli yana bir ochiq terassa bo‘ladi. Rekonstruksiya ishlari tugallangach, ro‘yxatga olish peshtaxtalari soni 90 taga yetadi. 12 ta gibrid Self check-in va Baggage drop off burchaklari tashkil etiladi. Ularda yo‘lovchilar reyslarga mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tishlari va bagajni topshirishlari mumkin bo‘ladi.
Uchib ketish hududidagi chegara nazorati punktlari soni ham 34 tadan 54 taga chiqariladi. Tekshiruv hududi 15 ta yo‘lakkacha kengaytiriladi. Shuningdek, uchib kelish zalida 48 yo‘lovchi o‘tish kanaliga ega yangi pasport nazorati zonasi tashkil etiladi, bagaj olish kamarlari soni to‘rttadan sakkiztaga ko‘paytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent xalqaro aeroportining rekonstruksiya qilinishi haqidagi xabarlar 2022 yil iyul oyida e’lon qilingandi. O‘shanda obektning faqatgina old qismi qayta ta’mirlanishi aytilgandi.
Keyinroq uning kengayishi va rekonstruksiyadan so‘ng qanday ko‘rinishga kelishi ochiqlangandi.
Mavzuga oid
18:35 / 13.10.2024
IIV Toshkentda kvadroberlar paydo bo‘layotganidan ogohlantirdi
17:25 / 13.10.2024
Pora bilan qochgan tergovchi va havosi buzilgan Toshkent - hafta dayjesti
18:37 / 12.10.2024
Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yangi boshliq tayinlandi
20:37 / 11.10.2024