Jahon | 09:30 / 13.04.2023
4830
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya va boshqa davlatlardan 120 shaxs va kompaniyaga qarshi sanksiyalar kiritdi

Qo‘shma Shtatlar Rossiya va boshqa davlatlardan 34 nafar jismoniy va 120 tadan ortiq yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Tegishli ro‘yxat chorshanba kuni o‘z veb-saytida AQSh Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilindi. 

Foto: Torsten Sukrow/SULUPRESS.DE/picture alliance

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, joriy sanksiyalar to‘plami Rossiyaga Ukrainaga qarshi urush olib borishda, jumladan, G‘arbning joriy sanksiyalarini chetlab o‘tib, unga ikki tomonlama maqsadli mahsulotlar yetkazib berish orqali yordam beradigan kompaniya va tashkilotlarga qarshi qaratilgan.

Jazo choralari, xususan, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin, sobiq transport vaziri va Davlat transport lizing kompaniyasi bosh direktori Yevgeniy Ditrix, Davlat dumasi deputati Vladimir Skoch va uning qizi Varvaraga joriy etildi. 

Sanksiyalar orasida bosh qarorgohi Budapeshtda joylashgan «Mejdunarodnyy investitsionnyy bank», «Yunarmiya» harakati, Rossiyaning «Metalloinvest» va «Megafon» kompaniyalari, Alisher Usmonovning USM shirkati, boshqa o‘nlab Rossiya va Kipr firmalari, to‘rtta turk va bir Xitoy kompaniyasi – China Head Aerospace Technology bor, uning Yevgeniy Prigojin bilan aloqasi borligi taxmin qilinyapti.

O‘zbekistonning «Ohangaronsement» zavodi AQSh yangi sanksiyalariga uchradi. 2022 yil boshida zavodning 98,6 foiz aksiyasini sotib olgan, Alisher Usmonovning USM holdingi tomonidan tashkil etilgan Akkermann Cement CA ham cheklovlar ostida qoldi. 

AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bir qator kompaniyalar, jumladan Akkermann Cement CA bilan operatsiyalarni 11 iyulgacha tugatish talabini qo‘ygan.

«Ohangaronsement» 2020 yilda O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri bo‘lgan va bozorda ustun maqomga ega kompaniyalardan hisoblanadi. Kombinatning 2021 yilning to‘qqiz oyida sof foydasi 188,8 milliard so‘mni, 2020 yilning to‘qqiz oyida 187,1 milliard so‘mni tashkil etdi.

Mavzuga oid