O‘zbekiston | 19:12 / 14.04.2023
22176
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorning 2 mln dollarini o‘marmoqchi bo‘lgan yirik jinoiy guruh qo‘lga olindi

O‘n kishidan iborat jinoiy guruhning bir a’zosi Toshkent shahrida, 9 nafari Namanganda ushlangan. Ularning yonidan bosqinchilikda ishlatish uchun tayyorlab qo‘yilgan turli jihozlar, jumladan pichoqlar topilgan. Ularning maqsadi Namangan viloyatida yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaroning xonadonidagi 2 mln AQSh dollarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish bo‘lgan.

Foto: IIV

IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasining Kun.uz’ga xabar berishicha, IIV Tezkor-qidiruv departamenti hamda DXX tomonidan uyushgan jinoiy guruh Namangan viloyatida yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaroning yashash xonadonidagi 2 mln AQSh dollari miqdorida pullarni bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni rejalashtirayotganligi yuzasidan tezkor ma’lumot olingan.  

2023 yilning 12 aprel kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat-qidiruv xizmati Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB hamda DXX xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Olmazor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda jinoiy guruh a’zosi, 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 8 ta moddasi bilan sudlangan shaxs qo‘lga olingan. Uning yonidan maxsus tayyorlab qo‘yilgan 2 dona pichoq, ichki ishlar organlari xodimlarining dala formalari, rezina qo‘lqop, opiy giyohvand moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib olingan.

Shu kunning o‘zida tezkor tadbir davom ettirilib, guruhning qolgan 4 nafar a’zosi Namangan viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan ushlangan. Ularning yonidan jinoyatni sodir etishda foydalanish uchun tayyorlab qo‘yilgan sport kiyimlari, niqob va qo‘lqoplar, 3 dona pichoq, elektroshok qurilmasi, telefon apparatlari, giyohvand moddasi va boshqa jihozlar topilgan.

Shuningdek, tezkor surishtiruv tadbirlari davomida bosqinchilik jinoyatini sodir etish uchun yana besh nafar shaxs taklif etilganligi aniqlanib, ular ham ushlangan. Qo‘lga olingan shaxslarning asosiy qismi muqaddam sudlangan shaxslar yoki tadbirkor va sportchilar bo‘lib, ularning aksariyati “o‘lja” hisoblangantadbirkor bilan birga ishlab kelgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qo‘lga olingan 10 nafar shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid