Jahon | 21:30 / 21.04.2023
9378
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudi bolgariyalik jurnalist Xristo Grozevni sirtdan hibsga oldi

U Aleksey Navalniy jamoasi tomonida bir nechta surishtiruvlarda ishtirok etgan.

Foto: Getty Images

Moskvaning Lefortovo sudi surishtiruvchi jurnalist, Bellingcat loyihasi rahbari, Bolgariya fuqarosi Xristo Grozevni sirtdan hibsga oldi. U chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322-moddasi, 1-qismi). Agar jurnalist aybdor deb topilsa, ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

«Grozevga nisbatan sud Rossiya hududiga ekstraditsiya qilingan paytdan boshlab yoki Rossiya hududida hibsga olingan paytdan boshlab ikki oy muddatga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi», deyiladi sud qarorida.

Xristo Grozev The Insider bosh muharriri Roman Dobroxotovning chet elga qochishini uyushtirganlikda ayblanmoqda.

Roman Dobroxotov 2021 yil sentabrida qidiruvga berilgan, avvalroq unga nisbatan ham chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun jinoiy ish ochilgan edi. Jurnalistning o‘ziga ko‘ra, u 2021 yilning 31 iyulida Rossiya-Ukraina chegarasini kesib o‘tgan. 2022 yilning avgustida jurnalist sirtdan hibsga olingan.

Xristo Grozev Aleksey Navalniy jamoasi tomonida bir nechta surishtiruvlarda ishtirok etgan. Jumladan, u 2020 yil avgust oyida muxolifatchining zaharlanishi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazganlar qatorida edi. Dekabr oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi jurnalistni qidiruvga berdi. Unga nisbatan soxta ma’lumotlarni tarqatgani uchun jinoiy ish ochilgani aytildi.

Mavzuga oid