Jahon | 09:02 / 24.04.2023
10253
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Armaniston va Qorabog‘ o‘rtasida nazorat-o‘tkazish punkti o‘rnatilishini qoraladi

AQSh va Fransiya Ozarboyjonning Lochin koridorida nazorat-o‘tkazish punkti o‘rnatish qarorini qoraladi. Bu Armanistonni Tog‘li Qorabog‘ bilan bog‘laydigan yagona yo‘l.

Foto: Getty Images

Ozarboyjon tomonidan Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ o‘rtasidagi Lochin yo‘lagida nazorat-o‘tkazish punkti o‘rnatilishi “tinchlik jarayoniga ishonch o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarga putur yetkazadi”, dedi Vashington. “Biz Lochin yo‘lagida odamlar va yuklarning erkin va ochiq harakatlanishi zarurligini yana bir bor ta’kidlaymiz va tomonlarni tinchlik muzokaralarini davom ettirishga, chegara bo‘ylab provokatsiya va dushmanlikdan saqlanishga chaqiramiz”, deyiladi Davlat departamenti 23 aprel, yakshanba kuni e’lon qilingan bayonotida. 

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ham chegara nazorat punktining o‘rnatilishini muzokara jarayoniga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvlarini buzish sifatida baholadi.

Avvalroq, 23 aprel kuni Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Armaniston bilan chegaradagi Lochin yo‘lagida nazorat-o‘tkazish punkti o‘rnatilishini ma’lum qilgandi – bu Armanistonni Tog‘li Qorabog‘ bilan bog‘laydigan yagona yo‘l. Ozarboyjon davlat chegara xizmati bu qarorini “askarlar, o‘q-dorilar, minalar va boshqa harbiy texnikalar o‘tkazilishining oldini olish” zarurati bilan izohladi.

Armaniston Tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni “uzoq va asossiz bahona” deb atadi hamda rossiyalik tinchlikparvar kuchlar mas’uliyati zonasida joylashgan Lochin yo‘lagini zudlik bilan ochishni talab qildi. “Biz Rossiya Federatsiyasini uch tomonlama bayonotning 6-bandida ko‘rsatilgan majburiyatni Lochin koridorining noqonuniy blokadasini bartaraf etish va Ozarboyjon qo‘shinlarining olib chiqib ketilishini ta’minlash orqali bajarishga chaqiramiz”, — deyiladi Armaniston TIV xabarida. Yerevan, shuningdek, BMTga a’zo davlatlarni “Xalqaro sud qarorini so‘zsiz bajarish uchun samarali choralar ko‘rishga” chaqirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid