Jahon | 19:09 / 12.05.2023
9257
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada Sarkozini «Liviya pullari» ishi bo‘yicha sud qilish talab etildi 

Fransiya moliya prokuraturasining ta’kidlashicha, sobiq prezident Nikolya Sarkozi 2007 yildagi saylov kampaniyasi uchun Liviya rahbari vakillaridan 50 million yevro olgan. 

Foto: rancois Mori, AP

Fransiya moliya prokuraturasi (FMP) sobiq prezident Nikolya Sarkozi va uning 2007 yildagi prezidentlik kampaniyasini Liviya tomonidan moliyalashtirilgani bo‘yicha shov-shuvli ishda gumonlanayotgan o‘n ikki kishiga nisbatan sud mahkamasi o‘tkazishni talab qildi. 

Prokuratura Sarkozi va bu ishda gumonlanayotgan boshqa 12 kishi, xususan, sobiq ichki ishlar vaziri Klod Jan, Fransiyaning budjet bo‘yicha sobiq vaziri Erik Vert, Sarkozining eng yaqin yordamchilaridan biri Bris Ortefeni javobgarlikka tortishni talab qiluvchi 425 sahifalik ayblov xulosasini e’lon qildi. 

Prokuratura Fransiyaning sobiq prezidentini «passiv korrupsiya», jinoiy hamjamiyatda ishtirok etish, saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish va davlat mablag‘larini talon-toroj qilishda ayblamoqda. 

Nikolya Sarkozi bu ayblovlarni rad qilib kelyapti. 

Avvalroq Fransiya matbuoti Sarkozi o‘z saylov kampaniyasi uchun Liviya rahbari Muammar Qazzofiydan o‘n millionlab yevro olgani, Fransiya prezidenti etib saylanganidan keyin esa uni ag‘darish operatsiyasini qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar bergan edi. 2012 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan to‘qqiz yillik tergov davomida Sarkozi kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish alomatlari rasman tasdiqlanmadi. 

Ehtimoliy kelishuvning vositachisi fransuz-livanlik tadbirkor Ziyod Taqiyiddin bo‘lib, u Liviya rahbari Sarkoziga nafaqat saylov kampaniyasi, balki boshqa maqsadlar uchun ham pul berganini da’vo qildi. Shuningdek, jomadonga solingan pullarni shaxsan yetkazganini aytdi. Keyinroq, Taqiyiddin kutilmaganda o‘z so‘zlaridan tondi. 

2018 yilda prokuratura Taqiyiddin 2006 yilda Liviya rahbari vakillaridan Sarkozining saylov kampaniyasi uchun 50 million yevro olgani haqidagi versiyani ilgari surdi. Sarkozi o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tuhmat deb atamoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid