Jahon | 20:15 / 16.05.2023
33326
7 daqiqa o‘qiladi

Millionlab insonlarni qirib yuborgan balo: SSSRdagi dahshatli ocharchilik

Covetlar dohiysi Iosif Stalin davrini ko‘pchilik qatag‘onlar davri sifatida eslaydi. Ammo tarixning bu ayanchli kezlarida yana bir umumfojia yuz bergandi. «Golodomor» – 1932-33-yillarda keng miqyosdagi ocharchilik umumiy hisobda 9 milliongacha bo‘lgan kishining yostig‘ini quritgani aytiladi. Bu Stalin repressiyalari, millatlarning quvg‘in qilinishi va GULAGlarda halok bo‘lganlar sonidan ikki barobar ko‘proq raqamlar edi.

Ukraina SSR poytaxti Xarkov ko‘chalarida yotgan ocharchilik qurbonlari. 1933 yil / Foto: Ukraina davlat arxivi

Paradoks: bug‘doy eng ko‘p yetishtiriladigan o‘lkalarda ocharchilik

Bu ayanchli jarayon Ukraina, Janubiy Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududlariga eng ko‘p zarar yetkazgan. Boshqa hududlarda ham uning ta’siri sezilgan. Bundan tashqari, 30-yillardagi ocharchilik SSSR tarixidagi eng sertalafotli bo‘lgani uchun ham ko‘p eslanadi. Shuningdek, 1921-22 yillarda, Ikkinchi jahon urushi tugagach ham, ittifoqdosh respublikalarda ocharchilik ro‘y bergan.

«Golodomor» shunisi bilan xarakterli ediki, u mamlakatning eng ko‘p don yetishtiriladigan o‘lkalarida sodir bo‘lgandi.

Odatda katta ocharchilikka ikkita asosiy sabab keltiriladi: Stalinning kollektivlashtirish siyosati va qurg‘oqchilik. Bunda bolsheviklarning epsiz «bug‘doy siyosati» asosiy aybdor sifatida ko‘riladi. Quloqlashtirish natijasida don yetishtiruvchi boy dehqonlar toifasi deyarli yo‘q qilingandi.

Tarixchilar orasida ocharchilik Stalin tomonidan boy va o‘ziga to‘q dehqonlarga qarshi uyushtirilgan urush sifatida ham ko‘riladi. Rossiyalik tarixchilar Danilov va Zeleninga ko‘ra, «Stalinni naqadar oqlashga urinmaylik, u golodomorning bosh aybdori bo‘lib qoladi, chunki uning siyosati ostida ahvol shu darajaga kelib qoldi...».

Mazkur tarixiy fojiadan eng ko‘p jabrni Ukraina tortgan. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, qurbonlar soni 3 mln 917 ming kishidan oshadi, RSFSRda bu raqamlar 3 mln 264 ming, Qozog‘istonda 1 mln 258 mingdan oshiq kishini tashkil etadi.

Ukraina: ocharchilik va siyosat

Ocharchilikdan vafot etgan ukrainalik ayolning jasadi, Poltava viloyati, 1934 yil.
 Foto: Daily Express / Hulton Archive / Getty Images

Ukrainada «golodomor» ukrain xalqiga nisbatan genotsid deya 2006 yildayoq tan olingan. G‘arbga moyil ko‘riladigan Viktor Yushenko davrida ushbu ocharchilik masalasi katta siyosat darajasiga chiqadi.

Yushenko davrida Ukraina xavfsizlik xizmati ocharchilikka oid 5 mingdan oshiq hujjatlarni arxivdan chiqargan. Kiyevda maxsus xotira kompleksi va yodgorlik barpo etilib, u yer xorijiy delegatsiyalar tashrif buyuradigan joyga aylanadi.

Hatto 2008 yilda o‘sha paytda Rossiya prezidenti bo‘lgan Dmitriy Medvedev Yushenkoga murojaatnoma e’lon qilib, «golodomor» nafaqat Ukrainada, balki boshqa sobiq ittifoq respublikalarida ham jiddiy talafotlar keltirganini ta’kidlagan. 2010 yilda Ukraina boshqaruviga kelgan kremlparast rahbar Viktor Yanukovich esa uni SSSR xalqlari uchun umumiy fojia deb ataydi.

Ocharchilik oqibatida ukrainlar soni 1931 yildagi 31 mln kishidan 1937 yilda 26 mln kishigacha kamayib ketadi.

«Odamlar odamlarni yeyishga majbur bo‘lishgan...»

«Golodomor» juda og‘ir oqibatlarga olib keladi, jumladan kannibalizm – odamxo‘rlikka ham. Ocharchilik guvohlari odamlar o‘z farzandlari yoki qo‘shnilarining bolalarini yeyishga majbur bo‘lgani haqida gapirib berishgan. Chunki ocharchilikdan, dastlab, organizmi zaif bo‘lgan bolalar jon berishar edi...

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda 2500dan oshiq kishi kannibalizmda ayblanib javobgarlikka tortiladi. Ukrainalik olim Vasiliy Marochkoga ko‘ra, mazkur dahshatli jarayon 1933 yilning ikkinchi yarmida ayniqsa kuchayib ketgan.

«Ahvol shu darajaga borganki, katta farzand yashab qolishi uchun kichigi qurbon qilingan... Boshqalar ochdan o‘lmasligi uchun kannibalizmga ko‘nishgan. Bu ko‘proq bahor oylarida kuzatilgan», – deya hikoya qiladi Marochko.

Shuningdek, millionlab it va mushuklar ham «yeb yuboriladi».

Qozog‘iston demografiyasiga qaqshatqich zarba

Foto: camonitor.kz

Garchi qurbonlar soni Ukraina va Rossiyadagidan kam bo‘lsa-da, aholi foiziga olganda Qozog‘iston ko‘proq jabr ko‘radi. Ahvol shu darajaga boradiki, qozoqlar ulushi keskin kamayib, rus millati hududda dominantga aylanadi. Aholi sonida vujudga kelgan bo‘shliq shimoldan kelganlar va lagerlardagi mahbuslar, shuningdek, deportatsiya qilingan xalqlar hisobiga qoplanadi.

Raqamlarga yuzlanamiz: 1926 yilda qozoqlar ulushi qariyb 4 mlnni tashkil etsa, bu 1939 yilda 2,9 mlnga tushib qoladi. Sharqiy va shimoliy Qozog‘istonda qozoqlar 60 foizgacha kamayib ketadi. Qozoq millati soni 1970 yildagina (!) ocharchilikdan avvalgi miqdorga yetadi.

Faqatgina, XX asr oxiridagina qozoq millati yana dominant millatga aylanadi.

Ocharchilik bo‘layotgan hududlarning mahalliy hukumatlari Stalinga bir necha marta g‘alla tayyorlash plani miqdorini kamaytirishni so‘rab, maktub yuborgan. Ammo qahri qattiq hukmdor bunga rozi bo‘lgan emas. Jumladan, qozog‘istonlik kommunistlar 1931 yilda bug‘doy tayyorlash rejasini 75 million puddan 50 milliongacha tushirishni so‘raydi, ammo Stalindan «munozara qilmaslik va ishlash kerak»ligi bo‘yicha javob oladilar.

1932 yilda Ukraina kommunistik partiyasi rahbariyati ham shunday iltimos bilan chiqadi. Stalin bunga rozi bo‘lmaydi, qaytanga davlat mulkiga zarar yetkazish va boshqa ishlarga befarq qarashni ayovsiz jazolash bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Jumladan, «kolxoz mulkini talon-taroj qilish»da ayblanib, 2110 kishi o‘lim jazosiga hukm qilingan.

O‘zbekiston

Ocharchilik muammosi tabiiyki O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmagan. Sobiq sovet davlatining taniqli arboblaridan bo‘lgan Turor Risqulov shunday yozgan edi: «Turkistondagi ocharchilik chorizm ekspluatatorlik faoliyati qoldirgan meros va mahalliy xo‘jalik yuritish shakllarining qoloqligi tufaylidir».

Oktabr inqilobiga qadar ham paxtaga keng yer ajratilib, g‘allani Rossiyadan tashib keltirishga asoslangan iqtisod inqilobdan keyin jiddiy yetishmovchilikka uchraydi. Paxtaning xarid narxlari kamayadi, g‘allaning bahosi esa keskin oshib ketadi.

Vaziyat o‘ta qaltisligi tufayli 1933 yil martida O‘zbekiston kompariyasi bosh kotibi Akmal Ikromov Stalinga telegramma yo‘llashga majbur bo‘ladi. Unda g‘alla muammosi hal qilinmas ekan, paxta yetishtirishga ham putur yetishi haqida gap boradi.

Bu davrning o‘ziga xos xususiyati shundaki, hudud aholisi shu paytgacha iste’mol qilishga o‘rganmagan kartoshka, pomidor kabi sabzavotlarni ham yeya boshlaydi va endi ular ovqat ratsioniga qat’iy kirib boradi.

Shu bilan ahvol o‘n yillar davomida o‘nglanmaydi va og‘ir vaziyat ikkinchi jahon urushiga ulanib ketadi. Qator hududlarda ocharchilik hatto ikkinchi jahon urushidan keyin ham bir necha yil davom etgan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid