Hindiston yo‘tal siropidan o‘limlar tufayli farmatsevtika siyosatini o‘zgartirmoqchi
Siyosatning o‘zgarishi natijasida farmatsevtika sanoati ustidan nazorat kuchaytirilishi mumkin.
Hindiston yo‘talga qarshi siroplar chet elda bolalar o‘limiga olib kelganidan so‘ng, farmatsevtika sanoatiga nisbatan siyosatini o‘zgartirmoqchi. Bunga bosh vazir Narendra Modi administratsiya tomonidan tayyorlangan hujjatda ishora qilinadi. Unda «muhim narsalar e’tibordan chetda qolgani» haqida yozilgan, deb xabar berdi Reuters.
15 may kuni Haydarobod shahrida «Dorilar sifati va uni ta’minlash choralari» mavzusida anjuman o‘tkazilgan. Unda Hindiston sog‘liqni saqlash vaziri Mansuh Mandavia va turli nazorat idoralari vakillari ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, anjumanda dorilar sifati nazorati bo‘yicha «siyosatga tuzatishlar kiritish» muhokama etilgan. Shuningdek, «muhim narsalar e’tibordan chetda qolgani» haqida gapirilgan. Biroq, anjumanda yo‘talga qarshi siropdan zaharlanish va bolalar o‘limi tilga olinmagan.
Nashr manbasiga ko‘ra, siyosatning o‘zgarishi natijasida farmatsevtika sanoati ustidan nazorat kuchaytirilishi mumkin. Hindiston umumiy dori vositalari yetkazib beruvchi 41 milliard dollarlik farmatsevtika sanoatiga ega.
Ko‘rib chiqilayotgan qadamlardan biri - dori vositalarini, jumladan yo‘talga qarshi siroplarni sinovdan o‘tkazishni kuchaytirishdir.
Avvalroq, Hindistonning Dori-darmon standartlarini nazorat qilish markaziy tashkiloti (CDSCO) yo‘talga qarshi siroplarni eksport qilishdan oldin hukumat laboratoriyalarida sinab ko‘rishni taklif qilgan edi.
O‘tgan yili Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda ishlab chiqarilgan yo‘tal siroplari tarkibida zaharli moddalar - dietilenglikol va etilenglikolning xavfli miqdori borligini aniqladi. Ushbu siroplar Gambiyada kamida 70 bolaning, O‘zbekistonda kamida 20 bolaning, shuningdek, Indoneziyada ham bolalar o‘limiga sabab bo‘ldi.
Hindiston o‘zi ishlab chiqargan siroplar va bolalar o‘limi o‘rtasidagi bog‘liqlikni rad etib kelmoqda.
Shu bilan birga, Hindiston hukumati O‘zbekistonga eksport qilingan yo‘talga qarshi siropni ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasining uch xodimini hibsga olgan va yana birini qidiruvga bergan edi.
Hozircha tergov yakunlari e’lon qilinmadi, hibsga olinganlar taqdiri ham noma’lum.
Mavzuga oid
20:58 / 19.11.2024
Putin Hindistonga boradi
17:57 / 19.11.2024
O‘zbekiston milliy regulyator organi ICH'ga kuzatuvchi maqomida rasman qabul qilindi
16:43 / 17.11.2024
Hindiston birinchi gipertovushli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi
16:50 / 16.11.2024