11:35 / 26.05.2023
4183

Britaniya O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishi mumkin

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya savdo-iqtisodiy hamda sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishning yangi imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Buyuk Britaniya Eksportni moliyalashtirish agentligi (UK Export Finance – UKEF) bosh ijrochi direktori Tim Rid bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

Suhbat davomida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilda ikki barobarga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuvda Britaniya tomoni O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini, quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish, foydali qazilmalar qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etishga qiziqishini bildirdi.

Buyuk Britaniya Eksportni moliyalashtirish agentligi davlat organi hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi kreditlar, kafolatlar taqdim qilish, sug‘urtalash, maslahat ko‘magini berish va boshqa yo‘llar bilan yordam ko‘rsatish orqali Britaniya tovarlari va xizmatlari eksportini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan iborat.

Mavzuga oid
Top