Jahon | 13:29
664
3 daqiqa o‘qiladi

Eronda qurbonlar soni o‘smoqda: YeI va Britaniya sanksiyalarni kuchaytirishga tayyorlanyapti

Eronda namoyishchilar orasida halok bo‘lganlar soni ortib borayotgan bir paytda, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya 13 yanvar, seshanba kuni Tehronga nisbatan yangi sanksiyalar tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

Foto: AP

Eronda namoyishchilar orasida qurbonlar soni o‘sishi fonida Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya rahbarlari 13 yanvar, seshanba kuni Tehronga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

“Eronda qurbonlar soni ortib borayotgani dahshatga soladi. Men kuchdan haddan tashqari foydalanish va erkinliklarning davomli cheklanishini qat’iy qoralayman”, — deb yozdi Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen X mikroblogida. U, Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ga nisbatan inson huquqlari buzilgani munosabati bilan YeI sanksiyalari allaqachon amal qilayotganini eslatdi.

“Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas bilan yaqin hamkorlikda repressiyalar uchun javobgar shaxslarga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar taklif qilinadi”, — deb e’lon qildi YeK rahbari. “Biz o‘z erkinligi uchun jasorat bilan kurashayotgan Eron xalqi bilan birdammiz”, — deb ta’kidladi fon der Lyayyen.

13 yanvar kuni, shuningdek, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper ham Britaniya qonun chiqaruvchilari Tehronga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar va sohaviy cheklovlar tayyorlayotganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, yangi choralar moliya, energetika, transport “va boshqa muhim sanoat tarmoqlari”ga taalluqli bo‘ladi.

“Dunyo Eronni kuzatmoqda, va Buyuk Britaniya rejimning yolg‘oniga qarshi turishda, uning repressiyalarini qoralashda hamda qirollik manfaatlarini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishda davom etadi”, — dedi Kuper Britaniya parlamenti Quyi palatasida chiqish qilar ekan.

Shu kuni u Londondagi Eron elchisini TIVga chaqirgan. Xuddi shunday qadamni Germaniya, Fransiya va Italiya tashqi ishlar vazirlari ham o‘z mamlakatlarida tashlagan: Yoxann Vadeful, Jan-Noel Barro va Antonio Tayani.

AQShda joylashgan HRANA axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 13 yanvar holatiga kelib, huquq himoyachilari Erondagi namoyishlar davrida 2003 kishining halok bo‘lganini tasdiqlay olgan. Ular orasida: 1850 nafar namoyishchi, hukumat bilan bog‘liq 135 nafar shaxs, 18 yoshdan kichik 9 nafar inson, shuningdek, namoyishlarda ishtirok etmagan 9 nafar fuqaro bor.

Mavzuga oid