Gaz plitasidan chiqadigan benzol sigareta tutuni kabi zararli - olimlar
Olimlarning ta’kidlashicha, oshxonadagi gaz plitasidan chiqadigan zararli moddalar uyga tarqaladi va bir necha soat davomida qoladi.

Foto: iStock
Gaz plitasidagi bitta o‘choqdan tarqaladigan benzol konsentratsiyasi tamaki tutunidan ham yuqori darajada bo‘lishi mumkin.
AQSh Stenford maktabi tadqiqotchilari 87 ta uy xo‘jaligidagi gaz plitasidan chiqadigan benzolni o‘lchab, uning miqdori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan belgilangan me’yorlardan oshib ketishini aniqladi. Bu haqda The New York Times yozdi.
Jumladan, gaz plitasi 180 C° darajada 45 daqiqa davomida yoqilganda, xona ichidagi benzol miqdori tamaki tutunidan tarqaladigan miqdordan oshib ketgan. Olimlarning ta’kidlashicha, zararli chiqindilar oshxonadan butun uyga tarqaladi va u yerda bir necha soat davomida qoladi.
Shu bilan birga, Stenford olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, elektr va induksion plitalardan tarqaladigan zararli moddalar miqdori juda kam.
Onkolog Jyenis L.Kirsh tadqiqot natijalarini sharhlar ekan, gaz plitalaridan tarqaladigan benzol miqdori xavotirli ekanini aytdi.
«Biz metan yoqilganda benzol tarqalishini bilardik. Lekin uning miqdorini o‘lchash – bu katta yutuq. Zararli moddalar miqdori kutilganidan yuqori ekani aniqlandi. Bu ancha xavfliroq», dedi doktor Kirsh.
Uning ta’kidlashicha, odamlar uydan tashqarida ham zararli kimyoviy moddalarga duch kelishadi - bu chiqindi gazlar, zavod va fabrikalardan tarqaladigan tutun, o‘rmon yong‘inlari tutuni. Ammo uyda ular zararli moddalar darajasini nazorat qilishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar induksion pech sotib olishi, toster, elektr choynaklardan foydalanishi va binolarni ventilyatsiya qilishi mumkin.
BMT Saraton tadqiqotlari bo‘yicha xalqaro agentligi va AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi benzolni kanserogen modda sifatida belgilaydi. Undan nafas olish leykemiya va limfoma, shuningdek, boshqa jiddiy kasalliklar xavfini oshirishi mumkin. Shifokorlarning ta’kidlashicha, benzolning odamga ta’sir qilish darajasi xavfsiz emas.
Mavzuga oid

22:14 / 24.07.2023
Maishiy gaz passiv chekishdan ko‘ra bir necha baravar xavfliroq bo‘lib chiqdi

19:16 / 17.12.2022
Dunyo aholisining 99 foizi ifloslangan havodan nafas olmoqda - BMT

23:10 / 30.01.2018
Vodiy viloyatlari “zapravka”larida yana ikki-uch kilometrli navbatlar yuzaga keldi

17:10 / 16.10.2017