Dunyo aholisining 99 foizi ifloslangan havodan nafas olmoqda - BMT
Bu inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diryapti.
Dunyo mamlakatlari havo ifloslanishining uzoq muddatli oqibatlariga duch kelmoqda. Shoshilinch choralar ko‘rilmasa, havodagi xavfli zarrachalar konsentratsiyasi inson salomatligi, ekotizimlar, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va iqlim o‘zgarishiga salbiy ta’sir qilishda davom etadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi hisoboti mualliflari ogohlantirishicha, dunyo aholisining 99 foizi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan belgilangan me’yorlardan oshib ketadigan va inson salomatligiga xavf tug‘diruvchi iflos havodan nafas oladi. Havo sifati monitoringi hozirda 117 mamlakatning 6 mingdan ortiq shaharlarida amalga oshirilmoqda.
Havodagi mikrozarralar o‘pka orqali qon aylanish tizimiga kirib, yurak-qon tomir va nafas olish tizimlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Havodagi azot dioksidining konsentratsiyasi nafas olish kasalliklarini, xususan, astmani keltirib chiqaradi.
Olimlar fikriga ko‘ra, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport sohalarida atmosferaga zararli chiqindilarni kamaytirish zarur.
Hisobot mualliflari, shuningdek, 2000-2018 yillarda ozonning o‘rtacha yillik fon konsentratsiyasi o‘sishini qayd etishadi. Bu nafaqat aholi salomatligiga, balki qishloq xo‘jaligiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Misol uchun, 2015 yilda Yevropada ozon tufayli bug‘doy ishlab chiqarishning umumiy yo‘qotilishi 23,8 million tonnani tashkil etdi, bu Ukrainadagi yillik ishlab chiqarishdan (21,8 million tonna) oshadi.
Hisobot mualliflarining ogohlantirishicha, 2050 yilga borib Yevropa aholisining atigi uchdan bir qismi JSST tavsiyalariga javob beradigan sifatli havo bilan nafas oladi.
Mavzuga oid
00:36
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
16:16 / 16.11.2024
Ekspertlar: BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyalari «maqsadlarga mos kelmaydi»
17:11 / 15.11.2024
Ilon Mask Eronning BMTdagi elchisi bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi
18:18 / 12.11.2024