«Ko‘mir va po‘lat pakti». Yevropaning ittifoqqa birlashishi tarixi va hozirgi muammolari haqida
Ikki davlatning kelajakdagi dushmanligining oldini olish uchun tuzilgan hamjamiyat bugungi kunda mustahkam, kuchli salohiyatga ega, boy ittifoqqa aylandi. Ikkinchi jahon urushini boshdan kechirgan Yevropaning xilma-xil qarashlar va turli tarixga ega mamlakatlarining yagona ittifoqqa birlashishi, o‘sha paytlarda tasavvur qilib bo‘lmas hodisa edi. Biroq bu amalga oshdi.
«Ko‘mir va po‘lat pakti»
Yagona Yevropa ittifoqini yaratishga urinishlar Ikkinchi jahon urushi tugashi bilanoq boshlangan. Xususan, 1948 yil, Marshall rejasi (AQShning urushdan zarar ko‘rgan Yevropa davlatlariga iqtisodiy-ijtimoiy ko‘mak dasturi) ishtirokchisi bo‘lgan davlatlar tomonidan Yevropa iqtisodiy hamkorligi tashkiloti tuziladi. Bu tashkilot Yevropaning iqtisodiy integratsiyasiga tamal toshi bo‘lgan bo‘lsa-da, faqatgina muvofiqlashtiruvchi funksiyalarga ega bo‘lgan.
Oradan bir yil o‘tib, Yevropaning birinchi siyosiy tashkiloti — Yevropa Kengashi tashkil etiladi, lekin bu tuzilma ham aniq vazifalarni bajarmaydi, uning qarorlari faqat maslahat xarakteriga ega bo‘ladi.
Nihoyat, bu tashabbuslarga Fransiya tashqi ishlar vaziri Rober Shuman qo‘shiladi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin Yevropada yangi tartiblar o‘rnatilgan, ikki azaliy dushman — Germaniya va Fransiyaning kelajakdagi kurashining oldini olish masalasi kun tartibiga chiqqandi. Chunki Birinchi jahon urushida Germaniya Fransiyaga hujum qilgan va yengilib, o‘zining ikki viloyatini Fransiyaga berishga majbur bo‘lgan, Ikkinchi jahon urushida esa Germaniya Fransiyani bosib olgandi.
Bu ziddiyatdan charchagan Fransiya Germaniya bilan ittifoq tuzish va keng ko‘lamli iqtisodiy aloqalar o‘rnatishga qaror qiladi. 1950 yil Fransiya tashqi ishlar vaziri Rober Shuman «Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi keyingi urushlarning oldini oladigan, ikki mamlakat o‘rtasidagi har qanday urushni nafaqat tasavvurga sig‘maydigan, balki iqtisodiy aloqalar sabab imkonsiz qiladigan» yangi ittifoq yaratish taklifi bilan chiqadi.
Shuman Fransiya va Germaniyani Oliy boshqaruv organi nazorati ostida ko‘mir va po‘latning yagona sanoatini tashkil etishga, boshqaruv organlarining qarorlari a’zo davlatlar uchun majburiy bo‘ladigan iqtisodiy hamjamiyatni yaratishga chaqiradi.
Germaniya federativ respublikasi (G‘arbiy Germaniya) kansleri Konrad Adenauer bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi.
Hukumatlararo o‘tkazilgan muzokaralar va munozaralar natijasida Yevropa ko‘mir va po‘lat hamjamiyatini (EKPH) tashkil etish to‘g‘risida shartnoma tayyorlanadi. Paktga Fransiya va Germaniyadan tashqari Italiya, Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg ham qo‘shiladi.
Ko‘mir va po‘lat shartnomasiga muvofiq, 1952-1957 yillarda ishtirokchi davlatlarda ko‘mir, temir rudasi, po‘lat, cho‘yan va maxsus po‘latning umumiy bozorini bosqichma-bosqich shakllantirish belgilanadi. Shuningdek, hamjamiyatga a’zo davlatlar orasida ko‘mir qazib olish texnikalari va metallurgiya sanoati mahsulotlariga bojxona to‘lovlari va ushbu mahsulotlar savdosidagi cheklovlar bekor qilinadi. Ko‘mir va rudalar, temir parchalari va metallurgiya sanoati mahsulotlarini tashishning yagona transport tariflari joriy etiladi.
Ushbu yengilliklar sabab 1955 yilga kelib, hamjamiyatga a’zo mamlakatlarda ko‘mir qazib olish va po‘lat ishlab chiqarish hajmi keskin oshadi. EKPH og‘ir sanoatga asoslangan ushbu mamlakatlar iqtisodiyotini modernizatsiya qilishga imkon yaratdi va Yevropada nafaqat yangi urushning oldini oladi, balki eski dushmanlarni ittifoqchiga aylantiradi.
Ittifoq tomon qadamlar
Ko‘mir va po‘lat pakti muvaffaqiyatidan so‘ng hamjamiyatga a’zo davlatlar iqtisodiy integratsiyani yanada chuqurlashtirishga harakat qila boshlaydi. Hamjamiyat 1957 yil Rim kelishuvlari deb nomlanuvchi bir necha shartnomani imzolaydi. Ularga ko‘ra, olti davlat (Germaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Belgiya, Lyuksemburg) insonlar, mahsulotlar, xizmatlar va kapitalning erkin harakatlanishi uchun barcha to‘siqlarni olib tashlash, Yevropa iqtisodiy hamjamiyati tashkilotini tuzish va 1968 yilgacha barcha bojxona to‘lovlarini bekor qilishga kelishib oladi.
Shuningdek, Rim kelishuvlari doirasida Atom energiyasi bo‘yicha Yevropa hamjamiyati (Yevratom) ham tuziladi.
Ko‘hna qit’ada hali raqobat kayfiyati mavjud edi. Buyuk Britaniya Yevropa iqtisodiy hamjamiyatiga (EIH) muqobil sifatida 1960 yilda Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasini tuzadi. Bu tashkilotga Britaniyadan tashqari, Daniya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlandiya, Avstriya, Shveytsariya va Portugaliya a’zo bo‘ladi. Ammo London tez orada EIH samaraliroq tashkilot ekanini tushunadi va unga qo‘shilishga harakat qiladi. Lekin Fransiya prezidenti Sharl de Gollning hamjamiyatga yangi a’zolarni qabul qilmaslik haqidagi pozitsiyasi sabab Britaniya tashkilotga qo‘shila olmaydi. Faqatgina Sharl de Goll Fransiya prezidenti lavozimidan ketib, uning o‘rnini Jorj Pompidu egallagachgina Britaniya, Daniya va Irlandiyani hamjamiyatga qabul qilish masalasi ijobiy hal bo‘ladi.
1967 yilda uch tuzilma — Yevropa iqtisodiy hamjamiyati, Yevratom va Yevropa ko‘mir va po‘lat hamjamiyati yagona tashkilot — Yevropa hamjamiyatiga birlashadi.
Hamjamiyat umumiy tuzilmalar — Yevropa komissiyasi (oliy vakillik organi), Yevropa parlamenti (qonun chiqaruvchi organ), Yevropa Kengashi (Vazirlar yig‘ilishi) va Yevropa sudini tashkil qilish borasida ish olib boradi.
Tez orada hamjamiyatga azo mamlakatlar milliy valutalaridagi tebranishlarni tartibga solish bo‘yicha harakatlar boshlanadi («Yevropa valuta iloni» dasturi). Bu umumiy valuta yaratish yo‘lidagi ilk qadam bo‘ladi.
Yevropa hamjamiyati yetakchilari o‘zlarining birdamligini ko‘rsatish maqsadida boy hududlardan kambag‘al hududlarga pul o‘tkazish, yo‘l va kommunikatsiyalarni yaxshilash, sarmoya jalb etish va ish o‘rinlari yaratishni ko‘zda tutuvchi Yevropa mintaqaviy rivojlanish fondini (EMRF) tuzadi.
1973 yildan 1981 yilgacha Yevropa hamjamiyati umumiy bozor, chegara va valuta borasida qizg‘in munozaralar olib boradi. Bu muzokaralar doirasida, a’zo davlatlar orasida pasport va viza nazoratini soddalashtirish ko‘zda tutilgan Shengen kelishuvi imzolanadi.
1979 yilda hamjamiyatning qonun chiqaruvchi organi — Yevropa parlamentiga birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovlar o‘tkaziladi. Yevropa hamjamiyati fuqarolari birinchi marta Yevroparlament deputatlarini bevosita saylaydi. Bunga qadar deputatlar milliy parlamentlar tomonidan tayinlangan. Yevroparlament a’zolari milliy delegatsiyalar tarkibida emas, balki umumevropa siyosiy guruhlarida (sotsialistlar, konservatorlar, liberallar, yashillar va boshqalar) o‘tiradi.
Avvaliga Gretsiya (1981), keyinroq Portugaliya va Ispaniya (1986) Yevropa hamjamiyatiga qo‘shiladi. Hamjamiyat yangi a’zolarni qabul qila boshlagan bo‘lsa-da, bu jarayon yillab davom etgan (masalan, Portugaliyaning tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar 9 yilga cho‘zilgan).
Yangi a’zolar qo‘shilishi va aloqalar mustahkamlanishi fonida Yevropa hamjamiyati nihoyat umumiy bozorni yaratish borasida aniq qadam tashlashga qaror qiladi — 1986 yil Yagona Yevropa akti imzolanadi.
Aktga ko‘ra, a’zo mamlakatlar uchun yagona bozor yaratishning so‘nggi muddati 1993 yil etib belgilanadi. Shuningdek, ushbu akt doirasida juda muhim o‘zgarish qabul qilinadi — Yevropa kengashida ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinuvchi qonunlarni bir ovozdan ma’qullash o‘rniga ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullash amaliyoti joriy etiladi. Bu umumiy qonunlarning ijrosini tezlashtiradi.
So‘nggi bosqich — ittifoq
1992 yil Niderlandiyaning Maastriht shahrida Yevropa ittifoqi tashkil qilinadi. Yevropa hamjamiyatiga a’zo 12 mamlakat (Belgiya, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Daniya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya, Fransiya va Germaniya) yangi ittifoqning uch asosiy ustunini o‘rnatadi:
- Iqtisodiy va valuta ittifoqi;
- Umumiy tashqi va xavfsizlik siyosati;
- Ichki ishlar va adliya sohasidagi umumiy siyosat.
Yevropa Ittifoqining pul-kredit siyosatini yuritish uchun Yevropa Markaziy banki va Yevropa Ittifoqi davlatlarining milliy markaziy banklaridan tashkil topgan Yevropa Markaziy banklari tizimi tashkil etiladi. 1999 yilda yagona valuta — yevro joriy etiladi oradan uch yil o‘tib muomalaga kiritiladi.
Maastriht shartnomasi 1993 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiradi va rasman Yevropa ittifoqi tashkil topadi.
Keyingi yillarda ittifoqqa Avstriya, Finlandiya (Aland orollari bilan birga) va Shvetsiya qo‘shiladi.
SSSR parchalanishi bilan Yevropa ittifoqi juda tez kengayadi. 2004 yil YeI uchun muhim yil bo‘ladi. Shu yili ittifoq o‘nta yangi a’zoni (Estoniya, Latviya, Litva, Polsha, Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Sloveniya, Kipr, Malta) qabul qiladi.
Ikkiga bo‘lingan Kiprning (Turkiya va Gretsiya kurashi sabab) ittifoqqa qo‘shilishi «eski» a’zolardan ba’zilarining noroziligiga sabab bo‘ladi, biroq Gretsiya Kipr tashkilotga qabul qilinmasa butun loyihaga veto qo‘yish bilan tahdid qiladi. Natijada orolning har ikki qismida o‘tkazilgan referendumdan so‘ng Kipr ham Yevropa ittifoqiga qo‘shiladi. Biroq ittifoq yurisdiksiyasi faqatgina Janubiy Kiprda amal qiladi.
Yangi a’zolar, yangi muammolar
Yangi o‘n a’zo iqtisodiy taraqqiyot va turmush darajasi bo‘yicha «eski» a’zolardan ancha orqada edi. Shu tufayli ittifoqning asosiy iqtisodiy yuki yetakchi a’zolar zimmasiga tushadi. Biroq, bu davlatlar (Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya va Ispaniya) butunittifoq budjetiga beradigan mablag‘ni YeI hujjatlarida belgilangan YaIMning 1 foizi darajasidan oshirishni xohlamaydi.
Yana bir muammo, a’zolar ko‘payishi bilan eng muhim qarorlarni konsensus (kelishuv) yo‘li bilan qabul qilish tamoyili samarasiz bo‘lib qolishi edi. Jumladan, 2005 yilda Fransiya va Niderlandiyada bo‘lib o‘tgan referendumlarda Yevropa Ittifoqining yagona Konstitutsiyasi loyihasi rad etiladi. Natijada yagona Konstitutsiya loyihasi barbod bo‘ladi (chunki a’zo davlatlarning birortasida Konstitutsiya shartnomasi ratifikatsiya qilinmasa, Konstitutsiya qabul qilinmas edi). Yevropa Ittifoqi hozir ham Britaniya kabi bir qator fundamental shartnomalar asosida faoliyat yuritadi.
Yangi a’zolar ortidan yangi muammolar paydo bo‘lishi Yevropa ittifoqini ehtiyotkor bo‘lishga majbur qildi. Yevroittifoq konfederatsiyaga qo‘shilishga nomzod davlatlar oldiga korrupsiyaga qarshi kurash, milliy qonunchilikni umumittifoq qonunchiligiga moslab isloh qilish, ijtimoiy barqarorlikka erishish, hududiy nizolardan xoli bo‘lish va demokratik tartiblarni joriy qilish kabi talablarni qo‘ya boshlaydi.
Xususan, shunday talablar sabab Ukrainaning ittifoqqa qo‘shilishi ortga suriladi. Ushbu talablarni deyarli to‘liq bajargan Ruminiya, Bolgariya va Xorvatiya (eng yangi a’zo) ittifoqqa qabul qilinadi.
Biroq hozirgi kunda ham Yevroittifoqning asosiy muammolaridan biri — kuchli sanoatlashgan shimol hamda kam urbanizatsiyalashgan va qishloq xo‘jaligiga moslashgan kambag‘al janub o‘rtasidagi boylik va iqtisodiy o‘sishdagi nomutanosiblik o‘z yechimini topmagan.
Sanoatlashgan shimol va qishloq xo‘jaligiga asoslangan janub umumiy valutadan foydalangani sababli, janubiy iqtisodiyotlar xalqaro raqobatbardoshligini oshirish uchun valuta qadrsizlanishidan foydalana olmaydi. Devalvatsiyasiz janubiy eksportchilar oxir-oqibat mahsuldorlikning tezroq o‘sishidan foyda ko‘radigan shimoliy raqobatchilar bilan deyarli raqobatlasha olmaydi. Masalan, AQShda bu muammo federal traferet to‘lovlari yordamida hal qilinadi. Qoidaga ko‘ra, boy shtatlar federal foydadan o‘z daromadiga nisbatan kam ulush oladi, kam daromadli shtatlarga esa kattaroq ulush ajratiladi.
Hamjihatlik
2008 yilgi moliyaviy inqiroz Yevropa ittifoqi uchun ilk jiddiy sinov bo‘ldi. Ushbu inqirozdan Gretsiya, Irlandiya va Portugaliya eng ko‘p zarar ko‘rdi. Gretsiyada vaziyat oxirgi nuqtaga yetdi. Yevropa banki bu davlatlarga moliyaviy tejamkorlik choralarini ko‘rish sharti bilan dotatsiyalar ajratdi.
Yevropa ittifoqi va Yevropa Markaziy banki yuqoridagi mamlakatlarning davlat va bank qarzlarini kamaytirish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Shuning evaziga bu davlatlardagi inqiroz to‘lqini pasaydi.
Yevroittifoq iqtisodiy muammolarga duch kelgan azo mamlakatlarga yordam berish uchun «Yevropani barqarorlashtirish mexanizmi»ni ishga tushirdi. Unga binoan Yevroittifoqning doimiy fondi tashkil etiladi.
Yevropa ittifoqining keyingi inqirozi Brexit bo‘ldi. Ittifoqning eng katta iqtisodlaridan biri bo‘lgan Britaniyaning tuzilmadan chiqish ko‘plab yuridik va moliyaviy muammolarni keltirib chiqardi. Bugungi kunga qadar bu masalalarning katta qismi hali ham hal qilingani yo‘q.
Yevroittifoq birligini mustahkamlagan so‘nggi voqea Rossiyaning Ukrainga bostirib kirishi bo‘ldi. Yevropa ittifoqi unga qo‘shilishni istagan va bu yo‘lda harakat qilayotgan Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatladi. Kuch ishlatmaslik tamoyili tarafdori bo‘lgan Yevropa mamlakatlari Rossiyaning qurol kuchidan foydalanishiga qarshi chiqdi va unga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Ittifoqning ba’zi a’zolari uchun bu sanksiyalar noqulaylik tug‘dirsa-da, umumittifoq organlari, xususan, Yevrokomissiya bir qator qat’iy choralar ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.
Hozirda Yevropa ittifoqi dunyoning eng jozibador birlashmalaridan biri. Ko‘plab davlatlar (Shimoliy Makedoniya, Serbiya, Moldova, Turkiya, Armaniston, Gurjiston) bu xarid quvvati baland, ulkan imkoniyatlarga ega bozorga kirishga harakat qilmoqda. Ba’zi siyosiy ziddiyatlar ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, Yevropa ittifoqini umuman jahondagi eng hamjihat tashkilot deb atash mumkin.
Muhammadqodir Sobirov tayyorladi
Mavzuga oid
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
22:39 / 04.11.2024
Xitoy Yevropa Ittifoqi bilan elektromobillar bo‘yicha «savdo urushiga» kirishdi
17:30 / 04.11.2024
YeIda NATOga qo‘shimcha ravishda xavfsizlik va mudofaa ittifoqini tuzish taklif etildi
01:00 / 31.10.2024