Jahon | 17:30 / 04.11.2024
1450
3 daqiqa o‘qiladi

YeIda NATOga qo‘shimcha ravishda xavfsizlik va mudofaa ittifoqini tuzish taklif etildi

Yevroparlament raisi Roberta Metsolaning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Rossiya Ukrainaga bostirib kirgani sabab favqulodda beqaror vaziyatda qolgan.

Foto: EPA

Yevropa Ittifoqi NATOga qo‘shimcha ravishda o‘zining xavfsizlik tashkilotini tuzishi kerak. Bu haqda Yevroparlament raisi Roberta Metsola ma’lum qildi.

«Yevropa Ittifoqi doim kuchli, izchil va samaraliroq bo‘lishi kerak. Masalan, gap haqiqiy xavfsizlik va mudofaa ittifoqini yaratish haqida ketganida ham xuddi shunday deyman. Biz anchadan buyon talab qilayotgan ittifoq NATOni to‘ldiradi va alyans bilan raqobatlashmaydi», — deydi u El Mundo gazetasiga intervyuda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Rossiya Ukrainaga bostirib kirgani sabab favqulodda beqaror vaziyatda qolgan. Metsolaning so‘zlariga ko‘ra, YeI AQShdagi prezidentlik saylovlaridan qat’iy nazar barcha narsaga tayyor bo‘lishi kerak.

«Yanvarda yangi prezident saylanadi, bu yangi administratsiya ham bo‘ladi degani. Shuningdek, Ukrainaga yordam ko‘rsatishni moliyalashtirish bo‘yicha o‘tkaziladigan ovoz berish jarayonlarida hamkasbimiz hisoblangan yangi Senat va Kongress paydo bo‘ladi. Umid qilamanki, biz birgalikda ishlashni davom ettiramiz», — deya ta’kidlaydi u.

Iyul o‘rtalarida ikkinchi muddatga saylangan Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen YeIni tashqi tahdidlardan himoyalash va xavfsizlikni ta’minlashni ustuvor vazifaga aylantirmoqchi ekanini ma’lum qilgandi.

«Yaqin besh yil davomida bizning ishimiz haqiqiy Yevropa mudofaa ittifoqini yaratishga qaratilgan bo‘ladi», — degandi u. Yevrokomissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ittifoqqa a’zo davlatlar milliy harbiy doktrinalari va o‘z kontingentini joylashtirishni o‘zlari belgilaydi, ammo Yevropa «mudofaa sanoati bazasini, innovatsiyalar va yagona bozorni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash hamda muvofiqlashtirish borasida ko‘p ishlarni qilishi mumkin».

For der Lyayyen so‘nggi bir necha yil davomida «harbiy potensialni rivojlantirish uchun investitsiyalar yetishmagani va samarasiz xarajatlar» aniqlanganiga e’tibor qaratgan. U 2019 yildan 2021 yilga qadar mudofaa uchun umumiy xarajatlar faqat 20 foizga oshganini ta’kidlagandi. Xitoyning o‘zida ushbu ko‘rsatkich 600 foizga, Rossiyada esa 300 foizga oshgan.

Mavzuga oid