Jahon | 20:56 / 21.06.2023
24621
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden Si Jinpingni diktator deb atadi, Pekin buni «ochiq provokatsiya» dedi

AQSh prezidenti Jo Bayden Kaliforniyadagi saylovoldi tadbirida Xitoy rahbari Si Jinpingni «diktator» deb atadi. Bir kun oldin AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyga «murosa tashrifi» bilan borgan edi. Pekin Bayden so‘zlarini «ochiq provokatsiya» dedi. 

Foto: Saul Loeb/AFP/Getty Images

Jo Bayden 2023 yil boshida Xitoy havo shari AQSh uzra urib tushirilganidan keyin, Si Jinpingning bunga munosabati haqida gapirar ekan, uni diktator deb atadi. 

Bayden Kaliforniyadagi saylovoldi tadbirida Si havo shari bilan bog‘liq mojarodan juda norozi bo‘lganini aytdi. 

«Men ikki vagon josuslik apparaturasi o‘rnatilgan o‘sha sharni urib tushirganimda Si juda norozi bo‘ldi. Chunki bu shar haqida xabari yo‘q ekan. Bu diktatorlar nima bo‘layotganini bilmaslikni yoqtirmaydi», dedi Bayden. 

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 18-19 iyun kunlari Pekinga tashrif buyurdi. Uning tashrifidan maqsad Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi so‘nggi oylarda sezilarli darajada kuchaygan keskinlikni yumshatish edi. 

Blinken dushanba kuni Si Jinping bilan uchrashdi. Si uchrashuvda biroz oldinga siljish bo‘lganini ma’lum qildi, Blinken har ikki tomon muzokaralarni davom ettirishga tayyor ekaniga ishora qildi. Shu bilan birga, Davlat kotibi Pekin va Vashington o‘rtasida jiddiy kelishmovchilik saqlanib qolayotganini ta’kidladi. 

Bu kelishmovchiliklar savdo siyosati, Xitoy kuch ishlatib bosib olish bilan tahdid qilayotgan Tayvan taqdiri va Xitoydagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga tegishli. 

Bu AQSh tashqi siyosati rahbarining so‘nggi besh yil ichida Xitoyga birinchi tashrifi bo‘ldi. 

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Jo Bayden so‘zlarini «o‘ta bema’nilik va mas’uliyatsizlik» deb atadi. «Bu ochiq siyosiy provokatsiya», dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning. 

Uning ta’kidlashicha, Baydenning «diktatura» haqidagi izohlari «faktlar, diplomatik protokol va Xitoyning siyosiy qadr-qimmatini jiddiy ravishda buzadi».  

«Xitoy bundan juda norozi va qat’iyan qarshi», dedi Mao Ning. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid