Maktablardagi ta’lim sifati: o‘quvchilarga malakali muallim, yaxshi sharoit va interaktiv darsliklar kerak
Maktab ta’limi chuqur islohotlarga muhtojligi ayon. O‘zgarishlarning mevasini ko‘rish uchun hali yana 8-10 yil kerak bo‘ladi. Xo‘sh, 10 yildan keyin ko‘zlangan natijaga erishish uchun bugun nimalar qilish kerak?
Imtihonlar tugab, umumta’lim maktablari ta’tilga chiqdi. Ayni paytda maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, ta’mirlash ishlari ketmoqda. Lekin bugun maktabdagi ta’mirlash haqida fikrlashmoqchi emasmiz. Maktablarni barcha talablarga javob beradigan qilib ta’mirlaganimiz bilan toki ta’lim sifati o‘zgarmas, malakali o‘qituvchilar, sifatli o‘quv dasturlari va zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanmas ekan, ko‘zlangan natijalarga erishmay qolib ketaveramiz
Maktablardagi abgor sharoitlar
Yaqinda Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 9-o‘rta maktabning ahvolini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparati kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva shunday dedi:
«Afsuski, chekka hududlardagi ayrim maktablarimizning ahvoli nihoyatda ayanchli. Bu yerda eng birlamchi sharoitlar ham yo‘qligi, kommunikatsiya, maktab jihozlari, hattoki o‘quvchilar uchun joy yetarli emasligini ko‘rish men uchun og‘riqli bo‘ldi».
Yurtimizda tug‘ilishlar soni hamon yuqori. Yildan yilga 1-sinfga qabul qilinayotgan o‘quvchilar soni ortib bormoqda. Hozir yurtimizda 10 mingdan ziyod maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga har yili 700 mingdan ziyod o‘quvchi 1-sinfga qabul qilinadi.
«Ba’zi maktablarda bitta sinfda 40 nafargacha o‘quvchi o‘tirgani ham bor gap. Hali yana ko‘plab o‘quvchi o‘rinlari barpo etilishi kerak. Bu og‘ir jarayon. Lekin bu muammolarni hal etmaslikning iloji yo‘q, o‘quvchilarga sharoit yaratmasdan turib, ta’lim sifati haqida gapirish befoyda», — deya ta’kidladi S.Mirziyoyeva.
Bu yerda ikki dilemma bor. Maktablarimiz barcha sharoitga ega bo‘lib, yaxshilab ta’mirdan chiqarilgani, qo‘shimcha sinfxonalar barpo etilib, eskicha fikrlashdan xoli, zamonaviy ta’lim bera oladigan malakali pedagog-kadrlar bilan ta’minlanmasa shuncha qilingan ishlar abas ketadi.
Sharoit kerak, ammo ta’lim sifati ikkilamchi emas
Maktab ta’limiga chuqur islohotlar darkor. Ishlarni muvozanatni saqlagan holda, parallel ravishda olib borish kerak: maktablarning to‘liq ta’mirlanishi, ularning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishi, zarur o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan ta’minlangani holda, yangi ta’lim dasturini joriy etish, o‘qituvchilar saviyasi ham oshirib borilishi lozim.
Eng avvalo maktablarda muhitni yaxshilash kerak. Masalan, istalgan maktabga kirsangiz sinflar va koridorlar turli-tuman, keraksiz targ‘ibot vositalariga to‘ldirib tashlangan. Maktablarda imkon qadar shiorbozlikdan voz kechish kerak. Maktablar odmigina, mafkuradan xoli, tushunarli narsalar bilan jihozlanishi lozim.
Bizning yoshligimizda fanlar o‘quv kabinetlarida o‘tilardi. Hozir bu usulda dars berishda amalda voz kechib yuborilgan. Tan olish kerak, ko‘plab maktablarda hozir buni ta’minlash ham qiyin. Chunki o‘quvchi soni ko‘paygani sababli maktablar o‘quvchilarni ikkinchi, hattoki, ayrim joylarda uchinchi smenalarda o‘qitishga majbur. Sinflarda ham bizning yoshligimizdagidek 25-28 o‘quvchi emas, 45-50 nafardan o‘quvchi o‘qimoqda. Ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak: bu sharoitda kabinet tizimi o‘zini oqlamaydi.
Ammo 45 daqiqalik dars mobaynida 45 nafar o‘quvchiga sifatli ta’lim berish, ularning bilim darajasini tekshirib ko‘rish amalda imkonsiz. Maktablarda ta’lim sifatini oshirish uchun sinfxonalarni ko‘paytirish, bitta sinfda o‘quvchilar sonini maksimum 30 nafar qilib belgilash lozim. Mo‘ljalni shunga qarab olaverish kerak.
9-sinfgacha umumiy ta’lim berib, 10-11-sinflarda o‘quvchilarni bilim, ko‘nikmalari va qiziqishlariga qarab ma’lum bir yo‘nalishda chuqurlashtirib o‘qitishni yo‘lga qo‘yish kerak.
Avvallari maktablarni bitirgan o‘quvchilar 9-sinfdan so‘ng litsey yoki kasb-hunar kollejlariga o‘qishga kirishardi. Bu usuldan negadir voz kechildi. Hali ham kech emas, eski tajribadan foydalanib, biror fan bo‘yicha yetarli bilim ololmagan yoshlarni 10-11-sinflarda o‘qitib vaqtini sovurmasdan, kasb-hunar maktablariga yo‘naltirib, hunar o‘rgatishni ham yo‘lga qo‘yish kerak.
10-11-sinflar uchun maktablarda kimyo-biologiya laboratoriyalari, fizika-matematika, tarix va geografiya uchun jihozlangan sinflar kerak. Albatta, 10 mingdan oshiq umumta’lim maktablari uchun geografiya va tarix fanlari uchun qog‘oz xaritalar yasashning imkoni bordir, fizika, kimyo, biologiya kabi fanlarni yanada tushunarli qilib o‘tish uchun laboratoriya namunalari yasab bo‘lmaydi.
O‘zimning o‘quvchilik davrimdan misol qiladigan bo‘lsam, fizika darsida optika, elektr mexanikasi mavzularini tushuntirish uchun laboratoriya uskunalari, kimyo darsida kimyoviy reagentlar bo‘lardi, reaksiyalar o‘tkazardi. Biologiya darsida biologiya kabinetimiz insonning skeleti, turli jonivorlarning shishaga solingan namunalari bo‘lardi.
Hozir 10 mingta maktab uchun bunday namunalar tayyorlashning amalda imkoni yo‘q. Vaziyatdan chiqishning usuli bor.
Zamonaviy o‘qitish tizimiga o‘tish kerak
Yaqinda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi ta’sis etildi va uning rahbarlari tanishtirildi.
Ushbu markaz maktab darsliklarini puxta, xalqaro ta’lim standartlariga mos ravishda ishlab chiqarish uchun mas’ul bo‘ladi. Ammo darslik deganda faqat bosma usuli bilan chop etiladigan maktab kitoblarini tushunmasligimiz kerak.
Maktab o‘quvchilari uchun darsliklar tayyorlashga katta urg‘u qaratilishi lozim. Maktabda o‘qitiladigan tarix, geografiya, matematika, geometriya, adabiyot, chet tili, fizika, kimyo, biologiya va boshqa fanlardan har bir mavzu bo‘yicha videodarsliklar tayyorlanishi kerak.
Maktablarga doska yonida ulkan interaktiv monitorlar o‘rnatilib, videodarsliklar slayd ko‘rinishida namoyish etilishi lozim. Maktab sinfxonalarini interaktiv doskalar bilan ta’minlash, ularning benuqson faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash kerak bo‘ladi.
(Albatta, buning uchun maktablar elektr energiyasi bilan ham uzluksiz ta’minlanishi kerak. O‘qitish faqat kunduz kuni bo‘lar ekan, davlatning o‘zi maktablarni muqobil energiya manbai — quyosh panellari bilan ta’minlashni o‘z gardaniga olishi lozim. Mahalliy hokimlarga buyurib bo‘lmaydi bu ishni — ular o‘qituvchilarning maoshiga chang solishadi).
Interaktiv darslik qanday tayyorlanadi?
Nima demoqchi bo‘layotganimni tushuntirishga harakat qilaman. Aytaylik, kimyoviy reaksiyalar qanday bo‘lishi bitta laboratoriya ishi misolida puxta s’yomka qilinib, mavzuga oid videodars tayyorlanadi. Albatta, videodarslik akademik tilda emas, maktab o‘quvchisi uchun tushunarli bo‘lgan tilda tayyorlanishi kerak.
Buning uchun ushbu darsni o‘z fanining yetuk mutaxassisi maxsus s’yomka pavilonida o‘tib beradi. Dars sifatli s’yomka qilinadi. Montaj jarayonida kerakli titrlar va boshqa yozuvlar, suratlar, illyustratsiyalar tushiriladi.
Multimedia ko‘rinishida yasalgan ana shunday videodarsliklar 10 mingdan ziyod maktabga elektron ko‘rinishda tarqatiladi. Bu katta xarajat ham talab qilmaydi va tarqatish ham oson. Balkim Tas-IXʼda maxsus serverlar tashkil qilinar, hattoki Youtube’da ham kanal ochib, joylashtirish mumkin.
Boz ustiga, uyiga borgan bolalar uchun ham darsni yana bir qur tomosha qilib, mavzuni takrorlashiga qulay bo‘ladi. Bu holatda darsni o‘zlashtirishda ota-onalarning ham yordami va ishtiroki kuchayadi.
Bu ayniqsa fizika, kimyo, biologiya, matematika kabi murakkab fanlarni puxta o‘zlashtirishda yordam beradi. Chunki ming eshitgani bilan jarayonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib tushungan bola fanni yaxshiroq o‘zlashtirishi aniq.
Tarix, geografiya kabi fanlarni-ku interaktiv usulda o‘ta qiziqarli fanga aylantirish mumkin. Chunki bu fanlarni o‘qitayotgan barcha o‘qituvchilarni ham mahoratli deb bo‘lmaydi. Mahoratsiz o‘qituvchining og‘zaki tushuntirishi bilan fanga mehr uyg‘otish qiyin (shunday holatda musiqa darsi qanday o‘tishi mumkinligini bir tasavvur qilib ko‘ring-a! Umuman musiqa darsligi qog‘ozda chop etilmasligi kerak, faqat interaktiv bo‘lishi lozim).
Sifatli interaktiv darsliklar bo‘lsa maktabdagi fan o‘qituvchisi shunchaki moderator vazifasini bajaradi. Dars mavzusini ko‘r-ko‘rona yodlab olish emas, biror mavzu yuzasidan fikr shakllantirib, bahs-munozara uyushtirish mumkin. Boz ustiga, o‘sha intraktiv darslikning o‘rtalarida o‘tilayotgan mavzuni mustahkamlash uchun ana shunday o‘yinlar, testlar, viktorinalar qistirib o‘tib ketish joiz.
Shu o‘rinda yana bir taklif: maktab darsliklaridagi mavzularga oid kichik-kichik faktlarni Youtube, Instagram va TikTok kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali aylantirishni ham yo‘lga qo‘yish kerak. O‘quvchilarimiz ijtimoiy tarmoqlarga, gadjetlarga qiziqishadi. Baribir o‘sha ijtimoiy tarmoqlarga kirishadi. Bir tiyinga qimmat maynavozchilik sahnalarini tomosha qilishyapti. Tayyor platformalardan ularning bilimlarini mustahkamlash uchun foydalanish mumkin.
Masalan, «Suv nega oqishini bilasizmi?», «Yomg‘ir qanday yog‘adi?», «Simob nega suyuq?», «Amir Temurning nechta farzandi bo‘lgan?», «O‘zbekiston bayrog‘idagi ranglar nimani anglatadi?», «Jadidlar kim?» mavzusida 1-2 daqiqalik qisqa roliklarni juda chiroyli va tushunarli ko‘rinishda tarqatish mumkin. Istalgan dars mavzusidan kamida 3-4 ta qiziqarli rolik chiqarsa bo‘ladi. Bunday roliklarni tayyorlashga iqtidorli o‘quvchilarning o‘zini va taniqli yoshlarni ham jalb qilish mumkin.
Islohotlar mevasini uzoq kutamiz
Fikrimni muxtasar qiladigan bo‘lsam, bu borada chuqur izlanib, mutaxassislarni jalb qilib, har bir fan uchun ishchi guruh tuzib, xorijning eng ilg‘or tajribalaridan foydalangan holda maxsus dastur tuzib olinishi kerak. Bu ishlarni bir kunda, bir haftada yoki bir yilda ham yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi, albatta. Yo‘lga qo‘yilganda ham, u ertasi kuniyoq yoki kelgusi yiliyoq mevasini bera qolmaydi. Bu — aniq.
Maktablarda ta’lim tizimini rivojlantirishning DOLZARB BeSh YILLIGI e’lon qilinib, birinchi yo‘nalishda yangi maktablar qurish, borlarini yaxshilab ta’mirlash, zaruriyat mavjud joylarda qo‘shimcha sinfxonalar qurish, ularni muqobil energiya manbaiga o‘tkazish, isitish tizimini sozlash, moddiy-texnika ta’minotini mustahkamlash, interaktiv doskalar bilan to‘liq ta’minlash kabi ishlar bilan shug‘ullanish kerak. Bunga parallel ravishda ikkinchi yo‘nalishda o‘qituvchilarning malakasini oshirish, zamonaviy ta’lim dasturi ishlab chiqish, sifatli darslik kitoblari va interaktiv darsliklar ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish kerak.
Shunda prezidentimiz Sh.Mirziyoyev uzoq yillardan buyon ta’kidlab kelayotgan, so‘nggi saylovoldi uchrashuvlaridan birida aytgani — o‘qituvchilarning oylik maoshlarini oshirishga ham o‘z-o‘zidan erishamiz. Fanni yaxshi o‘qitayotgan o‘quvchilarning saragi sarakka, puchagi puchakka ajralib qoladi va o‘z ustida ishlayotgan, natija ko‘rsatayotgan yetuk o‘qituvchilarning maoshi ham yo‘l-yo‘lakay oshadi.
Tan olish kerak, bu islohotning mevasini ko‘rish uchun uzoq yillar kerak bo‘ladi. Hozir ko‘pchilik uchun bularning hammasi mavhumdek, mavjud tizim oson va tushunarlidek ko‘rinadi. Lekin aql bilan ish tutilsa, bu ishlar, albatta, o‘zining ijobiy mevasini beradi. Buni tarix ko‘p bora isbotlagan.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Mavzuga oid
13:56 / 22.11.2024
O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
11:43 / 20.11.2024
2025 yilda 252 ta yangi bog‘cha barpo etiladi
20:51 / 18.11.2024