Saida Mirziyoyeva: «O‘quvchilarga sharoit yaratmasdan turib, ta’lim sifati haqida gapirish befoyda»
O‘zbekistonda maktablarga ehtiyoj muntazam ravishda oshyapti. Ba’zi maktablarda bitta sinfda 40 nafargacha o‘quvchi o‘tiribdi. Bu haqda Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparati kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva aytib o‘tdi.
Saida Mirziyoyeva Surxondaryo viloyatining Angor tumaniga borib, maktablardan birini ko‘zdan kechirdi.
“Afsuski, chekka hududlardagi ayrim maktablarimizning ahvoli nihoyatda ayanchli. Men Angor tumanidagi 9-maktabni ko‘zdan kechirib, bunga yana bir bor ishonch hosil qildim. Bu yerda eng birlamchi sharoitlar ham yo‘qligi, kommunikatsiya, maktab jihozlari, hattoki o‘quvchilar uchun joy yetarli emasligini ko‘rish men uchun og‘riqli bo‘ldi”, deydi u.
Ta’kidlanishicha, maktablarga ehtiyoj muntazam ravishda oshyapti.
“Tug‘ilishlar soni yildan yilga ko‘pligi uchun ham ba’zi maktablarda bitta sinfda 40 nafargacha o‘quvchi o‘tirgani ham bor gap. Hali yana ko‘plab o‘quv o‘rinlari barpo etilishi kerak. Bu og‘ir jarayon. Lekin bu muammolarni hal etmaslikning iloji yo‘q, o‘quvchilarga sharoit yaratmasdan turib, ta’lim sifati haqida gapirish befoyda.
Ta’limsiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi deb doim bong urib kelayotgan Prezidentimizning asosiy ustuvor maqsadlaridan biri ham ta’lim ekanligi bejiz emas. Prezident dalani emas, bolani tanladilar. O‘qituvchilar paxta balosidan ozod bo‘ldi. Ularni ta’limdan boshqa majburiy mehnatga jalb qilish kabi holatlar uchun jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazo choralari belgilandi. Boshlang‘ich sinflar uchun zamonaviy o‘qitish tizimi shu yil sentabr oyidan joriy etilyapti. Ingliz tilini o‘rgatish uchun xorijdan chet tili mutaxassislari olib kelinyapti, maktablar uchun zamonaviy jihozlar ajratilyapti. Bularning barchasi — ushbu yo‘nalishdagi ishlarning ayrimlari, xolos”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Ma’lum qilinishicha, tez orada Angor tumanidagi 9-maktabni ta’mirlash va qayta jihozlash ishlari boshlanadi.
“Lekin bu ishlar kimdir kelgani uchun emas, tizimli yo‘lga qo‘yilishi va har kuni davom ettirilishi kerak. Toki, eng chekka qishloq maktablarida ham eng kamida zarur sharoit bo‘lsin. Ana shundagina biz ko‘zlagan maqsadimiz — sifatli ta’limga erisha olamiz”, deya ma’lum qildi Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparati kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri.
Mavzuga oid
20:49 / 19.12.2024
Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi
18:14 / 16.12.2024
Surxondaryoning uchta tumanida zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
19:14 / 12.12.2024
Saida Mirziyoyeva ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan samarqandlik bolalar bilan uchrashdi
10:25 / 12.12.2024