O‘zbekiston | 13:41 / 23.06.2023
12782
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Qashqadaryodagi ehtiyojmand oilaga mansub 20 ming talabaga kontrakt pullari to‘lab beriladi

O‘z biznesini ijaraga olingan binoda boshlayotgan yoshlarga bir yillik ijara xarajatining 50 foizi qoplab beriladi. Talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan stajirovka tizimi joriy qilinadi.

Foto: Kun.uz

Qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashish uchun viloyatda bo‘lib turgan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev kelgusi yetti yilda ta’lim, tibbiyot va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga oid rejalari bilan bo‘lishdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ta’lim

Nomzodga ko‘ra, 2030 yilga qadar viloyatda:

  • maktabgacha ta’lim sohasiga 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratish hisobiga qamrov yuz foizga yetkaziladi;
  • olis va chekka hududlarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish uchun 1 ming 500 o‘rinli 28 ta mobil guruh tashkil etiladi;
  • bog‘chalarda 12 o‘rinli 350 ta bir yillik bepul tayyorlov guruhlari va 50 ta qisqa muddatli guruhlar tuziladi.

Maktab ta’limida esa kelgusi yetti yilda qo‘shimcha 130 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi, viloyatda o‘quvchisi 30 nafardan ortiq bo‘lgan sinflar qolmaydi (hozirda 4 mingdan ziyod sinfda 35 ta bola o‘qiydi).

Shuningdek, 237 ta maktab mukammal ta’mirlanadi, 591 ta maktab zamonaviy o‘quv anjomlari, laboratoriya va kompyuterlar bilan jihozlanadi.

Sog‘liqni saqlash

Tibbiyot sohasida 37 ta poliklinika, 95 ta oilaviy shifokorlik punkti tashkil etiladi, davolash o‘rinlari 12 mingtaga yetkaziladi. Qarshi shahridagi tarqoq 5 ta shifoxona negizida “Ona va bola” klasteri barpo etiladi. Nishon, Chiroqchi, Koson, Qarshi va Shahrisabz shaharlarida zamonaviy tug‘uruq komplekslari quriladi (550 davolash o‘rni).

Kelgusi yillarda 800 nafar ehtiyojmand ayollar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini davolash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi”, – dedi nomzod.

Transport infratuzilmasi

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, Qashqadaryo shahar jamoat transporti uchun 100 ta zamonaviy elektrobus olib kelinadi, elektromobillar uchun 200 ta zaryadlash stansiyalari quriladi. Bu maqsadlar uchun 30 million dollar jalb qilinadi.

Xalqaro moliya tashkilotlari bilan birga:

— “Qarshi – Shahrisabz – Kitob” va “Samarqand – Qarshi” yo‘llari kapital ta’mirlanadi (177 kilometr);

— “Olmaota – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz” yo‘lining Qashqadaryo hududidan o‘tuvchi 60 kilometr qismi rekonstruksiya qilinadi.

Mavzuga oid