20:20 / 07.07.2023
12751

Toshkent metallurgiya zavodi moliyaviy tang ahvolga tushib qolganiga munosabat bildirdi

TMZ, OAVdagi xabarlarga javoban, ta’sischilarning o‘zgarishi zavod faoliyatiga ta’sir qilmasligi, davlat kompaniyaning majburiyatlari bo‘yicha javobgar emasligini bildirdi. Avvalroq, davlat ishtirokidagi bu korxona 2017-2022 yillarda o‘nlab million dollarlik zarar ko‘rib, bankrotlik xavfi bilan yuzlashgani ortidan ofshordagi ta’sischilar loyihadan chiqib ketgani ma’lum bo‘lgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent metallurgiya zavodi o‘zining ta’sischilari o‘zgargani va bankrotlik xavfi bilan yuzlashgani ma’lum bo‘lishi ortidan, bu borada rasmiy munosabat bildirdi.

Avvalroq zavodning 49,9 foiziga O‘zbekiston nomidan egalik qiluvchi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi sudga murojaat qilib, MChJ shaklidagi kompaniyaning qolgan ikkita ta’sischisi – Metalloinvest Holding (41,87%) va Miramonte Investmens (8,23%)ni jamiyat ishtirokchilari qatoridan chiqarib yuborishga erishgandi.

Jamg‘armaga ko‘ra, bu ikki ta’sischining “harakatsizligi” zavodni bankrotlik xavfi ostida qoldirgan. Xususan, 2022 yil yakunlari bo‘yicha sof zarar 316,8 mlrd so‘mni, 2017-2022 yillarda to‘plangan zarar esa 916,92 mlrd so‘m (taxminan 79,5 mln dollar)ni tashkil etgan.

Sud Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining da’vosini qondirgan va ofshorda ro‘yxatda o‘tgan ikki javobgar ta’sischi jamiyat ishtirokchilari tarkibidan chiqarilgan. Shu tariqa, zavod ko‘rgan zararlari va o‘z zimmasidagi millionlab yevrolik qarzlar bilan, davlat jamg‘armasining ixtiyorida qolgan.

7 iyul kuni Toshkent metallurgiya zavodi tarqatgan bayonotda 900 mlrd so‘mdan ortiq zarar yig‘ilishining asosiy omillari ochiqlanmagan.

“Kompaniya ta’sischilari tarkibidagi o‘zgarishlar ishlab chiqarish barqarorligiga va kreditorlar oldidagi majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish imkoniyatiga ta’sir qilmaydi.

TMZ qarzdorligi tijorat faoliyati orqali to‘lanadi. Davlat Kompaniyaning majburiyatlari bo‘yicha javobgar emas”, – deyiladi bayonotda.

Kompaniya “qurilish va ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun kredit jalb qilish yirik korxonalar uchun odatiy hol” ekanini qayd etib, zavod, tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2026 yildan daromadga kirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, 2020 yilda ishga tushirilgan Toshkent metallurgiya zavodi ruxlangan va polimer qoplamali sovuq holda yoyilgan po‘lat prokat ishlab chiqaradi.

Zavod loyihasining umumiy qiymati avvaliga 278,2 million yevroga baholangan, keyinchalik bu miqdor 334,47 mln yevrogacha oshirilgan.

Shundan 164,5 million yevro Rossiya eksport-import bankining 10 yilga berilgan krediti, 154,7 million yevro Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari, 15,1 million yevro esa Asakabank krediti hisoblanadi. Loyihaning o‘zini qoplash muddati 9,3 yil deb ko‘rsatilgan.

Zavodni 49,7 gektar maydonda qurish loyihasi Rossiyaning “Metprom” guruhi tomonidan tayyor holatda topshirish sharti asosida amalga oshirilgan. Loyihani amalga oshirishni SFI Management Group xorijiy kompaniyasi boshqargan.

Mavzuga oid
Top