O‘zbekiston | 12:15 / 10.07.2023
5222
4 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an, Aliyev, Rahmon va Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi

O‘zbekistonning saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovidagi g‘alabasi munosabati bilan tabriklar qabul qila boshladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqotida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga birgalikda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida so‘z bordi.

Suhbat avvalida Turkiya prezidenti davlat rahbarini muddatidan ilgari prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan qutladi, saylovchilarning ovoz berishdagi faol ishtirokini hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani qayd etildi. Faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, muhim investitsiya loyihalari va gumanitar dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyevning Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqotida ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Ozarboyjon rahbari mamlakat yetakchisini prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan tabriklab, do‘st O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiy kun tartibidagi masalalarni ikki mamlakat hukumatlari darajasida puxta ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi. Xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Qo‘shilmaslik harakati va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Tojikiston rahbari mamlakat yetakchisini kuni kecha O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan qutladi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan.

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Milliy yetakchisi, Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan ham telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Turkmaniston yetakchisi davlat rahbarini muddatidan ilgari o‘tkazilgan prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan tabriklab, qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotgani qayd etilgan. O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashgan. Bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqilgan.

Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqotida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Turkmaniston prezidenti davlat rahbarini kuni kecha bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabrikladi.

Barcha darajalarda faol muloqotlar davom etayotgani qayd etildi. Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va amaliy sheriklik loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidladi.

Mavzuga oid