Ko‘pincha bu munosabatlar haqiqatan ham dramatik kechgan va siyosiy detektiv hikoyani eslatgan, undagi personajlar orasida nafaqat Ukraina, balki G‘arb davlatlari rahbarlari hamda Kiyev va Shimoliy Atlantika ittifoqi o‘rtasidagi yaqinlashuvga doimiy ravishda qarshi turadigan Kreml ham bor edi.

BBC nashri Ukrainaning NATO tomon qanchalik uzoq yo‘l bosib o‘tganini esladi va uni allaqachon blokka a’zo bo‘lgan boshqa mamlakatlarning a’zolik yo‘li bilan solishtirdi.

Birinchi qadamlar va qo‘shilish bo‘yicha bayonotlar

Ukraina va NATO o‘rtasidagi munosabatlar amalda Ukraina mustaqil davlatga aylanishi bilanoq boshlangan. Ukrainaning birinchi prezidenti Leonid Kravchuk 1992 yilda alyansning Bryusseldagi shtab-kvartirasiga tashrif buyurgan, 1994 yilda esa Ukraina possovet davlatlari orasida birinchi bo‘lib «Tinchlik yo‘lida hamkorlik» tashabbusi doirasida NATO bilan shartnoma imzolagan.

Ukraina prezidenti Leonid Kuchma avvaliga mamlakatni NATO a’zosi qilish maqsadini qo‘ygandi, ammo keyin bu g‘oyadan voz kechadi. Foto: Getty Images

Leonid Kuchma prezidentligi davrida ham hamkorlik rivojlanadi — 1997 yilda «NATO va Ukraina o‘rtasidagi maxsus hamkorlik to‘g‘risida Xartiya» imzolanadi, shuningdek alyans bilan hamkorlikning turli dasturlari ham ishlab chiqiladi.

NATOning sharqqa tomon kengayishining ikkinchi to‘lqini boshida, 2004 yilda Ukraina mamlakatning neytral, bloklarga qo‘shilmaslik maqomini rad etishni nazarda tutuvchi strategiyani tasdiqlaydi. Shuningdek, davlatning harbiy doktrinasiga Yevro-Atlantika integratsiyasini davom ettirish va NATOga qo‘shilish to‘g‘risidagi bandlar kiritiladi.

Aslida aynan mana shu davrda Ukraina hukumati birinchi marta alyansga a’zo bo‘lish niyatini e’lon qiladi.

Ammo bu maqsad prezident Leonid Kuchma jurnalist Georgiy Gongadzening o‘ldirilishiga aloqadorlikda ayblangan «kassetali mojaro»dan keyin yangragandi. Shuningdek, Ukraina hukumatiga nisbatan BMTning Iroqqa qarshi sanksiyalar rejimini buzganlik (xususan, «Kolchuga» radioelektron razvedka stansiyalarini Bag‘dodga yetkazib berish) aybi ham ilgari suriladi.

Natijada, Rossiyaning yordamiga tayanuvchi Ukrainaning o‘sha paytdagi prezidenti Kuchma xalqaro izolyatsiyaga tushib qoladi, uni mamlakat aholisi ham jiddiy qo‘llab-quvvatlamaydi. Shuning uchun, bu vaqtdagi NATO rahbarlari Leonid Kuchmaning qadamlariga unchalik e’tibor qaratmaydi.