Zelenskiy g‘alla bitimi Rossiya ishtirokisiz davom ettirilishi mumkinligini aytdi
«Rossiya bilan hech qanday kelishuvimiz yo‘q, Kiyev don yetkazib berishni davom ettirishga tayyor», dedi Ukraina prezidenti.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning g‘alla bitimidan chiqishiga qaramay, Kiyev Qora dengiz orqali don yetkazib berishni davom ettirishi mumkinligini aytdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sergey Nikiforov xabar berdi.
«Rossiyasiz ham biz Qora dengiz yo‘lagidan foydalanishimiz uchun hamma narsani qilish kerak. Biz qo‘rqmaymiz. Bizga kemalarga egalik qiluvchi kompaniyalar murojaat qilishdi. Agar Ukraina g‘alla yetkazib bersa, Turkiya esa kemalarni o‘tkazib yuborsa, kompaniyalar g‘alla tashishni davom ettirishga tayyor ekanligini aytishdi», dedi Zelenskiy.
Prezident don bitimi doirasida ikkita shartnoma imzolanganini eslatdi. Birinchisi, Rossiya, Turkiya va BMT tomonidan, ikkinchisi Ukraina, Turkiya va BMT tomonidan tuzilgan.
«Rossiya kelishuv tugaganini aytganida, BMT Bosh kotibi Guterrish va prezident Erdo‘g‘an bilan kelishuvini to‘xtatmoqda. Biz bilan emas. Ular bilan hech qanday kelishuvimiz yo‘q», dedi Zelenskiy.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, Kiyev don yetkazib berishni davom ettirishga tayyor. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligiga BMT va Turkiyani xabardor qilishni topshirgan.
Avvalroq, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov «G‘alla bitimi»ning amal qilishi 17 iyuldan boshlab tugaganini e’lon qildi. Kreml vakilining so‘zlariga ko‘ra, bunga Rossiya qo‘ygan shartlar bajarilmagani sabab bo‘lgan.
Rossiya va Ukraina Turkiya va BMT ishtirokida 2022 yil iyul oyida Qora dengiz portlaridan don eksporti bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Uning doirasida Ukraina g‘allasi asosan Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlariga yetkazib beriladi.
Rossiya kelishuvni uzaytirish uchun bir qancha shartlarni ilgari surmoqda. Zarur shartlar qatorida Rossiya hukumati «Rosselxozbank»ni SWIFT tizimiga qayta ulanishi, qishloq xo‘jaligi texnikasi va ehtiyot qismlarini yetkazib berishni qayta tiklash, sug‘urta va qayta sug‘urtalash bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish, portlarga kirishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashni ko‘rsatgan.